Oʻzbekistonda 21-may Kutubxonachilar kuni sifatida nishonlanadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Madaniyat vazirligining ushbu taklifini Prezident maʼqulladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 7-iyunda “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish, axborot-kutubxona muassasalari faoliyatini rivojlantirish maqsadida quyidagilar aholiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni sifat jihatidan yanada rivojlantirish sohasidagi asosiy vazifalar etib belgilandi:
• axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi va zamonaviy umumjahon tendensiyalarini hisobga olgan holda axborot-kutubxona faoliyatini isloh qilish;
• aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatish boʻyicha ijtimoiy kafolatlarni sifatli taʼminlash hamda zamonaviy talablarni hisobga olgan holda axborot-kutubxona muassasalarini rivojlantirish maqsadida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
• hududlarda aholiga axborot-kutubxona xizmatlari koʻrsatishni barqaror rivojlantirishga koʻmaklashish;
• axborot-kutubxona muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, shu jumladan, yangi bino va inshootlarni qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish, ularni zamonaviy uskunalar bilan taʼminlash;
• kutubxona sohasida davlat-xususiy sheriklikni, xususiy va elektron (virtual) kutubxonalar tarmogʻini rivojlantirish;
• kutubxonalar faoliyatining samaradorligini va foydalanuvchilarga xizmat koʻrsatish (shu jumladan, pullik xizmat koʻrsatish) tezkorligini oshirish uchun elektron kitoblar tarqatishga ixtisoslashgan internet-resurslar bilan hamkorlikni kengaytirish;
• axborot-kutubxona muassasalari xavfsizligini hamda milliy va jahon madaniy merosining bir qismi sifatida axborot-kutubxona fondlarining yaxshi saqlanishini taʼminlash;
• jamiyatning axborot madaniyatini, tariximizga va milliy madaniyatga qiziqishini shakllantirish vakuchaytirish, mutolaa madaniyatini oshirish va targʻib qilish;
• axborot-kutubxona muassasalarini malakali mutaxassislar bilan taʼminlash.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Madaniyat vazirligining 21-mayni Kutubxonachilar kuni deb belgilash toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi. Bunda kutubxonachilarni koʻp yillik halol mehnati va axborot-kutubxona sohasini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun davlat mukofotlari bilan taqdirlash va ragʻbatlantirish koʻzda tutilishi belgilandi.

 

OʻzA