Poytaxtimizda O‘zbekiston – Xitoy ishbilarmon doiralari biznes uchrashuvi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning oziq-ovqat, elektrotexnika, to‘qimachilik, qurilish materiallari, mashinasozlik, ko‘chmas mulk, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, energetika, tibbiyot, transport va logistika sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniya va tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.
Unda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik salohiyati namoyish etildi. Ishtirokchilar O‘zbekistondagi investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish va tadbirkorlar huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Taqdimot doirasida O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisining birinchi o‘rinbosari I.Jasimov va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi szyan Yan xonim so‘zga chiqib, bugungi kunda O‘zbekiston – Xitoy munosabatlari nafaqat siyosiy, savdo-iqtisodiy, balki ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar sohalarda ham rivojlanib borayotganini qayd etdi.
O‘zbekistonning barqaror rivojlanayotgan iqtisodiyoti, qulay jo‘g‘rofiy joylashuvi, zamonaviy transport kommunikatsiyalari, sarmoya jalb etish bo‘yicha puxta va ishonchli strategiyasi ko‘plab davlatlar qatori Xitoy ishbilarmonlarining ham hamkorlikka qiziqishini oshirmoqda.
Mamlakatimizda Xitoy kapitali ishtirokidagi 1 ming 16 korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 116 tasi to‘liq Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan. Ular neft-gaz, neft-kimyo, kon-metallurgiya, farmasevtika, transport, savdo, to‘qimachilik, qurilish, telekommunikatsiya kabi sohalarda ish yuritayotir. O‘tgan yili Xitoy sarmoyalari ishtirokida amalga oshirilgan loyihalarning umumiy qiymati 2,5 milliard dollardan oshdi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni faollashtirish natijasida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi yildan-yilga ortib bormoqda. Xususan, 2018 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.
Tadbirda O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega ekani alohida qayd etildi. Shu bilan birga Xitoy ishtirokida investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
– Bugungi tadbirda Xitoyning 20 ga yaqin yirik kompaniyasi vakillari o‘zlarining hamkorlikda amalga oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalari bilan ishtirok etdi, – deydi Savdo-sanoat palatasi boshqarma boshlig‘i G‘afurjon Usmonov. – Shu bilan birga mamlakatimizning investitsion salohiyatini namoyish etuvchi taqdimotlar ham bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari xitoylik investorlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston milliy mahsulotlarini Xitoy bozorlariga olib kirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir yakunida hamkorlikka oid qator bitimlar imzolandi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA