Bosh prokuratura akademiyasi magistraturasiga kimlar qabul qilinadi?

Bosh prokuratura matbuot xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, Akademiya magistraturasiga abiturientlarni qabul qilish 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi hamda teng huquqlilik, qabul va tanlovning yagona qoidalari asosida amalga oshiriladi. Magistraturaga tanlov “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar orasida o‘tkaziladi. Shuningdek, prokuratura organlarida kamida 5 yillik ish stajiga va boshqa mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan amaldagi prokuratura organlari xodimlari tanlovda ishtirok etishi mumkin.
Akademiya magistraturasiga “prokurorlik faoliyati”, “tergov faoliyati” va “korrupsiyaga qarshi kurashish” mutaxassisliklari bo‘yicha 2019/2020 o‘quv yiliga jami 30 ta, shu jumladan 18 ta davlat granti va 12 ta to‘lov kontrakti asosida qabul kvotalari tasdiqlangan.
Kirish imtihonlari mutaxassislik fanlari va chet tilidan test sinovi, shuningdek yozma imtihon shaklida o‘tkaziladi.
Bosh prokuratura Akademiyasida magistratura mutaxassislik bo‘yicha ta’lim jarayoni ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish asosida joriy etilgan o‘qitishning samarali zamonaviy pedagogik ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan tarzda amalga oshiriladi.
Bugunga qadar Bosh prokuratura Akademiyasi 30 ga yaqin dunyoning yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlik munosabatlarini o‘rnatgan bo‘lib, o‘quv jarayoniga akademiya professor-o‘qituvchilari bilan bir qatorda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalaridan ekspert va professor-o‘qituvchilari jalb qilinadi.
Bosh prokuratura Akademiyasi magistraturasiga abiturientlardan hujjatlarni qabul qilish muddatlari Akademiya veb-saytida (proacademy.uz) hamda ommaviy axborot vositalar orqali e’lon qilinadi.

 

O‘zA