O‘zbekiston Prezidenti MDH davlatlari huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlarini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 31 may kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Ichki ishlar vazirlari kengashining shu kunlarda Toshkent shahrida o‘tayotgan tadbirlarida ishtirok etayotgan MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar vazirliklari va idoralari rahbarlarini qabul qildi.
Prezidentimiz Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlarini samimiy qutlar ekan, Hamdo‘stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasidagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqali tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
2.jpg
Bugungi kunda MDH Ichki ishlar vazirlari kengashi samarali hamkorlik, ilg‘or tajriba va bilim almashish, shuningdek, terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, uyushgan jinoyatchilik va odam savdosiga qarshi kurashishdagi sa’y-harakatlarni yaqindan muvofiqlashtirish uchun muhim mexanizm ekani ta’kidlandi.
Hamdo‘stlik hududida jinoyatlar soni keyingi besh yilda 25 foizdan ziyodga qisqargani Kengash faoliyatining natijadorligidan dalolat beradi.
3.jpg
Bundan tashqari, birgina o‘tgan yilda qo‘shma operatsiyalar doirasida giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan shug‘ullangan 892 nafar shaxsning faoliyatiga chek qo‘yildi hamda 84 nafar jinoyatchi ushlandi.
Uchrashuvda MDHga a’zo davlatlar ichki ishlar organlari hamkorligini yanada kengaytirish, jumladan, samarali idoralararo hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikning dolzarb masalalari, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish va transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda sheriklikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.
Delegatsiyalar rahbarlari Prezidentimizga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, o‘z davlatlari rahbarlarining salomini yetkazdilar.
Mamlakatimiz huquqni muhofaza qilish tizimida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi yuksak baholandi.
4.jpg
Hamdo‘stlik mamlakatlari huquqni muhofaza qilish tuzilmalari o‘zaro qo‘llab-quvvatlash hamda umumiy tahdid va xatarlarga qarshish kurashishda sa’y-harakatlarni birlashtirish maqsadida faol hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekani alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida davlatimiz rahbari MDH Ichki ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

 

O’zA