Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi masalalariga bagʻishlangan simpozium oʻz ishini boshladi.
Germaniyaning Gisen universiteti bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan anjumanda Janubiy Koreyaning Kangvon Milliy universiteti, Toshkentdagi xalqaro tashkilotlar, mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etmoqda.
“Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi barqaror rivojlanishi” dasturi boʻyicha qilingan maʼruzalar, jumladan, Germaniyaning Gisen universiteti professori Martin Petrikning “Iqtisodiy-ijtimoiy fanlarning qishloq xoʻjaligi rivojidagi oʻrni” hamda Koreya Respublikasining Kangvon Milliy universiteti professori Kiang Riang Kimning “Markaziy Osiyodagi sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi ekinlarini diversifikatsiyalash: islohotlar va uning ijtimoiy oqibatlari” mavzuidagi maʼruzalari ishtirokchilarda katta taʼassurot qoldirdi.
SUSADICA dasturining maqsadi Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligining barqaror rivojlanishi bilan bogʻliq masalalarga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy hamda ekologik barqarorlikni ifodalovchi 5 yoʻnalishda ilmiy-tadqiqotlar olib borishdan iborat.
Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida ham ushbu maqsadlarni amalga oshirish yuzasidan tadqiqotchilarga qulay ilmiy muhit yaratilgan. Mazkur strukturaviy doktorantura dasturi davomida muntazam ravishda universitetda PhD tadqiqot treninglari, turli nufuzli olimlar va xalqaro tashkilotlar vakillari maʼruzalari, seminar va konferensiyalar, turli taqdimotlar oʻtkaziladi.
Bu esa kelgusida SUSADICA strukturaviy doktorantura dasturi davomida Markaziy Osiyoda qishloq xoʻjaligi barqaror rivojlanishining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha ilgʻor metodologik ilmiy-tadqiqot ishlari yaratilishiga xizmat qiladi. Markaziy Osiyo va Yevropa olimlari hamda talabalarini birlashtiruvchi platforma yaratish orqali qishloq xoʻjaligi va ijtimoiy sohalar olimlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Taʼkidlanganidek, ushbu tajriba boshqa universitetlar va yoʻnalishlarga yuqori darajadagi taʼlim standarti, xalqaro hamkorlik va akademik natijalari bilan yaxlit model sifatida namuna boʻladi.
Yana bir maʼlumot: Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Akademik innovatsion fondi(AIF)granti asosida institutda “Agrar innovatsiyalar va resurslardan foydalanish boʻyicha predmetlararo iqtisodiy laboratoriya” loyihasi ish boshlamoqda. Ushbu eksperimental laboratoriya iqtisodiy va texnik – muhandislik fanlarini bir-biriga bogʻlagan holda faoliyat yuritadi. Oʻquv dasturlarini takomilashtirishda loyiha ishtirokchilari uchun Germaniya hamda Toshkentda turli mavzularda, jumladan, tanqidiy yondashuv, akademik yozish, taqdimot sanʼati boʻyicha seminar-treninglar tashkil etiladi.
Bugungi anjuman ham qishloq xoʻjaligining innovatsion, barqaror rivojlanish xususiyatlarini oʻrganishga, Oʻzbekistonda kelgusida fan yutuqlarining rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul QOSIMOVA, OʻzA