Poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatishda yaratilgan hamda joriy qilingan interaktiv xizmatlarga bagʻishlab matbuot anjumani oʻtkazildi.
Unda tizimda joriy etilgan hamda rejalashtirilgan interaktiv xizmatlar xususida maʼlumot berildi. Xususan, 2011-yildan buyon foydalanilayotgan hamda takomillashib borayotgan xizmatlardan biri – “Pensiya” elektron dasturiy majmuasi 3,5 milliondan ortiq pensiya va nafaqa oluvchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotni oʻz ichiga oluvchi yagona baza hisoblanadi. Dasturda pensiya va nafaqalar tayinlashdan tortib toʻlangunga qadar jarayonlar elektron tarzda olib boriladi. Bu barcha turdagi hisobotlarni avtomatik tarzda shakllantirish imkonini beradi.
Xalq banki bilan pensiya va nafaqa oluvchilarning toʻlov qaydnomalarini yuborish, toʻlangan va toʻlanmagan pensiya yoki nafaqalar toʻgʻrisida maʼlumot almashish faqat elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Buning natijasida, toʻlov qaydnomalarini soxtalashtirishning oldi olinib, pensiya va nafaqa toʻlovlari ustidan kunlik nazorat yuritiladi.
Barcha tijorat banklari bilan bank plastik kartalari orqali pensiya va nafaqa oluvchilar mablagʻlarini ularning hisobraqamiga yuklash boʻyicha elektron axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyildi. Bu orqali qogʻoz shaklida toʻlov qaydnomalaridan toʻliq voz kechilib, naqd pulsiz pensiya va nafaqa oluvchilarga mablagʻlar oyning 2-5 sanasi oraligʻiga toʻlanadi.
Amaliyotga joriy qilingan “SMS-pensiya” xizmati orqali fuqarolarga ularning pensiya miqdorlari, Xalq banki orqali toʻlov amalga oshirilgani yoki bank kartalariga pensiyalar yuklangani toʻgʻrisida SMS xabarlarni olish imkoniyati yaratildi. Bugungi kunda jami pensiya va nafaqa oluvchi 54 foiz fuqaro mazkur xizmatdan foydalanmoqda.
– Avvallari pensiya toʻlovi amalga oshirishlari uchun fuqarolar korxonalarga yoki Pensiya jamgʻarmasi boʻlimlariga kelib, qogʻoz shaklida talabnoma va hisobotlarni taqdim etishi kerak edi, – deydi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi ijrochi direktori oʻrinbosari Shuhrat Davronov. – Bugungi kunda esa hisobotlar qisqartirilgan. Endi birgina talabnoma taqdim etish yetarli. Elektron shaklda masofadan turib hujjat taqdim etish imkoniyati ham bor. Korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida esa ushbu talabnomani korxonalarning davlat soliq qoʻmitasidagi “Shaxsiy kabineti” orqali yuborish imkoniyati yoʻlga qoʻyilgan.
Matbuot anjumanida ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob oldi.
Muhayyo TOSHQORAYEVA, OʻzA