Qozog‘istonda 45 kishi tabiiy gazdan zaharlangan, ularning 41 nafari o‘quvchilar.
Bu haqda Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vazirligining jamoatchilik salomatligi muhofazasi qo‘mitasi rahbari Jandarbek Bekshin bugun, 19 mart kuni ma’lum qilgan.
RIA Novosti Jandarbek Bekshin bayonotidan iqtibos keltiradi. Unda aytilishicha, kecha, 18 mart kuni mahalliy vaqt bilan 16.40 da Chimkent shahar kasalxonasiga zaharlanish alomatlari bilan o‘quvchilar yetkaziladi. Bolalarda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi va qisqa muddatli behushlik belgilari bo‘lgan. Ularga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Muolajadan so‘ng bemorlarga uyga javob berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisaga maktabdan 600 metr narida joylashgan gaz taqsimlash stansiyasidan metan sizib chiqishi sabab bo‘lgan.
O‘zA