Qozogʻistonga Oʻzbekistondan anor olib kirish uchun qoʻyilgan taqiq olib tashlandi

Qozogʻiston Respublikasi karantin xizmati 20 fevraldan Oʻzbekistondan anor olib kirishni vaqtincha taqiqlagan edi.
Ostona shahrida “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi bilan Qozogʻiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi masʼullari oʻrtasida uchrashuv oʻtkazildi. Bu haqda “Oʻzdavkarantin” inspeksiyasi axborot xizmati maʼlum qildi.
Mazkur uchrashuvda anor importiga qoʻyilgan cheklovni bekor qilish, shuningdek, karantin ostidagi mahsulotlarning fitosanitar holati, ikki mamlakat karantin xizmatlari oʻrtasida eksport va import qilinayotgan meva-sabzavotlarni fitosanitar koʻrikdan oʻtkazishda hamkorlikdagi nazoratni yanada kuchaytirish singari masalalar muhokama qilindi.
Muzokaralarda Qozogʻistonga Oʻzbekistondan anor olib kirish uchun oʻrnatilgan vaqtincha taqiq 14 martdan olib tashlanishiga erishildi.
Bugundan eʼtiboran eksportchi tadbirkorlar Qozogʻistonga anorni fitosanitar nazoratdan oʻtkazib, eksport qilishi mumkin.

 

OʻzA