O‘zbekiston televideniesini qanday rivojlantirish kerak?

Televidenie ma’lumot uzatuvchi va qabul qiluvchi eng ta’sirchan vosita, muhim reklama tashuvchi manba hisoblanadi.
Bugungi globallashuv jarayoniga hamohang tarzda O‘zbekiston televideniesida ham tub islohotlar amalga oshirilishi zarur. Yevropa va MDH mamlakatlarining yirik “VIP & Media Stars” mediaxoldingi bilan ishlash yo‘nalishi prodyuseri va rahbari, “Buyuk kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti eksperti Aziza Ergasheva bilan bo‘lgan suhbat ana shu mavzuga bag‘ishlanadi.
– Aziza Anvarovna, sizning-cha, milliy televidenie qanday bo‘lishi kerak?
 
photo5211015930144992047.jpg
 
– Televideniening vazifasi birinchi navbatda faqat insonlar farovonligiga qaratilgan bo‘lishi kerak. Televideniening asosiy funksiyasi esa jamiyatga axborot tarqatish va ko‘ngilochar faoliyatidan iborat. Ayni damda televidenie yangiliklar manbaigina emas, ommaviy madaniyatning asosiy targ‘ibotchisi hamdir.
Bozorda tarkibiy jihatdan davlat telekompaniyasi yoki uning formatining ham davlat, boshqaruv va tahririyat tuzilmalari nazorati ostidagi jamoatchilik televideniesi shaklidagi o‘rni bo‘lishi lozim. Davlat bilan deyarli hamkorlik qilmaydigan, televizion kontentni ishlab chiqaruvchi mustaqil teleko‘rsatuvlar kompaniyasini ham rivojlantirish kerak.
DTT (raqamli televidenie)ga o‘tish jarayonida signal yetkazish bo‘yicha sputnik va kabel platformalar anchayin ommalashib bormoqda.

Shuningdek, IPTV – internet protokoli bo‘yicha televidenie ham istiqbolli sanaladi.

“Grand View Research” tadqiqotlari natijalariga ko‘ra, uning dunyo miqyosidagi qamrovi 2025 yilda 117,07 milliard AQSh dollariga yetishi bashorat qilinmoqda. Yaqin yetti yil ichida jami o‘sish sur’atining ko‘rsatgichi 13,7 foizni tashkil etadi.

Eng tez o‘sish sur’ati Lotin Amerikasida bo‘ladi – 2025 yilgacha o‘rtacha yillik o‘sish sur’ati 21 foizni tashkil etadi. Abonentlar soni bo‘yicha mintaqada Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari yetakchilik qiladi. Bunda uning o‘sish sur’ati 8 foizdan ortiqni tashkil etadi.

Televidenie sanoati ekspertlarining ta’kidlashicha, IPTVning rivojlanishi internetdan foydalanish infratuzilmasi va provayderlarning multiservis raqamli platformalarga transformatsiya qilinishini takomillashtirishga yordam beradi.

Bundan tashqari, bu operator va televizor ishlab chiqaruvchilar hamkorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuningdek, ayrim mamlakatlarda bozorga yangi ishtirokchilarni chiqarish uchun qonunchilik chora-tadbirlari ham qabul qilinmoqda.
– Nima uchun O‘zbekistonda yaxshi va tanqidiy fikrlaydigan jurnalistlar yetishmaydi? Buning uchun nimalar qilish kerak?
– Ommaviy axborot vositalari jamiyatda muhim, biroq ikki yoqlama rol o‘ynaydi. Bir tomondan ular axborot tarqatadi va shu orqali jamiyatni xabardor qiladi, boshqa tomondan esa, ular ma’lum darajada inson ongini boshqaradi.

Zamonaviy OAVlarning jamiyat hayotiga ta’siri haqida bir nechta konsepsiya mavjud. Bular – “sehrli o‘q” konsepsiyasi – telekanallar, radiostansiyalar, gazeta va jurnallar hamda boshqa OAVlarning o‘quvchilari passiv bo‘lgani, tanqidiy fikrlay olmasligi bois, ularning materiallari ularning maqsadlarini amalga oshiradi.

“Teri osti in’eksiyasi” konsepsiyasi – insonlar ongiga yo‘naltirilgan har qanday ma’lumot ularni shunday ish qilishga undashini belgilaydi.

“Bo‘sh idish” konsepsiyasi – OAV tarqatayotgan barcha aqidalarni o‘z ichiga oladi.
Ko‘pincha ma’lum jamiyatdagi OAVning ikki yoqlamali roli uning siyosiy tizimda egallagan o‘rni bilan bog‘liq.

Matbuot to‘rtinchi hokimiyat deb atalishi ham bejiz emas. Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoda yangicha talqinda namoyon bo‘lmoqda. O‘z navbatida jurnalistlarni tayyorlash tizimi, ish uslubi, o‘z fikrlarini erkin bayon etish imkoniyatlari ham o‘zgarmoqda. Ayniqsa, keyinchalik jurnalistika fakultetiga o‘qishga kirish va OAVda kafolatli ish o‘rni bilan ta’minlanish huquqini qo‘lga kiritgunga qadar maktab gazetalari va maktabdan tashqari maxsus to‘garaklarda jurnalistika asoslaridan saboq olish shular jumlasidandir.

– Telekanallar reytingini qanday qilib ko‘tarish mumkin?
– Televideniedagi reytinglar ko‘p sonli murakkab o‘lchovlar natijasida paydo bo‘ladi. Tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalarini olishdan manfaatdor bo‘lgan asosiy ishtirokchilar kelishuvlari mahsuli sifatida shakllanayotgan tizim ularning asosidir.

Telekanallar va ularning egalari; reklama agentliklari va reklama beruvchilar; Sales-houses – kompaniyalari, nazorat, vositachilik yoki mediator funksiyalarini amalga oshirayotgan tarmoq tashkilotlari (sanoat qo‘mitalari, uyushmalar) – telemezonlar ishtirokchilari hisoblanadi.

O‘lchovchi – tadqiqot o‘tkazayotgan tashkilot taqdim etayotgan ma’lumotlari sifati va ishonchliligiga to‘liq javob beradi. Uning materiallari televizion reklama bozorida yagona “valyuta”ni shakllantirish uchun asos hisoblanadi.

Valyutani turli ko‘rsatgichlar shakllantiradi, televizion voqealar reytingi (TVR), jami reyting (GRP), kanal reytingining bir foiz qiymati (SRR) ularning asosiylaridandir.

Teleo‘lchovlar bozoridagi zamonaviy “valyuta” konsepsiyasi reklama beruvchi birinchi navbatda, vaqtni emas, auditoriyani sotib olishini nazarda tutadi. Ma’lumki, televizion kanal reytingini oshirishning faqat bitta yo‘li bor, u ham bo‘lsa, yuqori sifatli kontent va uning bozordagi raqobatbardoshligi.

photo5211015930144992046.jpg
– O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasidagi 13 ta telekanalning hammasi ham bizga kerakmi? Qanday qilib ularni maqbullashtirish va ularning jozibadorligini oshirish mumkin?
– Bugungi kunda davlat televideniesining rivojlanishi bo‘yicha jahon tendensiyasi quyidagicha:
• umumiy televizion tomoshada davlat va jamoat ko‘rsatuvlarining ulushi 40-50 foizgacha keskin qisqarmoqda;
• yirik davlat va nodavlat telekompaniyalari deyarli tashkil etilmayapti, yirik telekompaniyalar parchalanib ketmoqda, ular shuningdek, televidenie va radioga ham bo‘linib ketmoqda. Xuddi shunday holat Fransiyada ORTF bilan, Finlyandiyada Yleisradio (Yuleysradio) bilan kuzatilgandi);
• tijorat televizion tuzilmalari soni ortmoqda.
Dunyo miqyosida davlat telekanallarining bunday qisqarishi va tendensiyasi tijorat (nodavlat) telekanallari ko‘payishidan qo‘rqish yoki ajablanish kerakmas: aksariyat ommaviy axborot vositalarida yirik kapital o‘z ulushiga ega bo‘ladi. Bu esa, demokratik taraqqiyot yo‘lini tanlagan jamiyatda fikrlar xilma-xilligini yuzaga keltirmoqda. Davlat televideniesini qayta tashkil etish trendi deyarli butun dunyoda mavjud. Masalan, aksariyat Yevropa mamlakatlari davlat telekanallari jamiyat uchun muhim rol o‘ynaydi, deb e’tirof etadi, chunki ular:
• tijorat telekanallari asosan ommaviy auditoriyaga xizmat ko‘rsatib, qoidaga ko‘ra, ijtimoiy himoyalanmagan bolalar uchun ko‘rsatuvlar tayyorlamagan paytda davlat telekanallari bolalardan tortib, nafaqaxo‘rlargacha bo‘lgan barcha aholi qatlamiga xizmat ko‘rsatadi;
• milliy madaniyat, an’analarni himoya qiladi, rivojlantiradi, ma’rifiy maqsadlarni ko‘zlaydi;
• xalqlarni markaziy hokimiyat va yagona g‘oya atrofiga birlashtiradi.
Kuchli raqobat sharoitida davlat telekanallari jozibadorligini faqat yuksak sifatli, talab yuqori bo‘lgan teleauditoriyaning bo‘lishi bilangina oshirish mumkin.

– Davlat telekanallarni qanday ta’minlay oladi? Telekanallarning o‘z-o‘zini moliyalashtirishiga qay tarzda o‘tish mumkin?

– Umuman olganda, televidenie uchta asosiy moliyalashtirish manbasi hisobidan faoliyat yuritadi. Daromadlarning ikkinchi manbasi telekanallarni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratiladigan davlat moliya resurslari hisobidan shakllantiriladi.

Bundan tashqari, davlat kam aholi istiqomat qiladigan hududlarga televizion signallar yetkazilishi uchun yordam beradi va shu orqali ularni axborot bilan ta’minlaydi. Ijtimoiy ahamiyatga molik ko‘rsatuvlar yaratilganda, davlat tomonidan muhim yordam ko‘rsatiladi.

Va nihoyat, uchinchi manba – teletomoshabinlar. O‘zbekistonda reklama yaxshi daromad keltirmayotgani, pullik televidenie esa hali kerakli darajada rivojlanmagani bois, davlat telekanallarini mablag‘ bilan ta’minlash hozircha davlat budjeti zimmasida.

Davlat telekanallarining o‘z-o‘zini moliyalashtirish andozasiga o‘tishiga keladigan bo‘lsak, buning uchun iqtisodiy hisob-kitob va televidenie auditoriyasi orasida muayyan davlat televizion kanaliga aniq talab mavjud bo‘lishi kerak. Mamlakatning u yoki bu davlat telekanallari reytinglari va ijtimoiy ahamiyatga egaligigina ularni ta’minlash yoki faoliyatini tugatish kerakligini ko‘rsata oladi.
– Milliy televideniega nima yetishmaydi?
– Menimcha, o‘ziga tegishli bo‘lgan, noyob va sifatli kontent, ya’ni filmlar, seriallar va axborot dasturlari nihoyatda kam.

Ijodiy nuqtai nazardan qaraganda, bir xil kontent juda ko‘payib ketgan, televizion kanallar yo‘nalishini yana-da puxta farqlash zarur. Telekanal ko‘ngilochar yoki axborot, ma’rifiy yoxud boshqacha telekanal bo‘lishi kerak. Shuningdek, O‘zbekiston bozorida telekompaniyalar bilan yaqin hamkorlik qiladigan o‘ziga tegishli bo‘lgan kontentni ishlab chiqaruvchilar hali mavjud emas.

Televidenie bozori taraqqiyotini to‘xtatuvchi omillardan yana biri, mualliflik huquqiga amal qilishga nisbatan erkin munosabatda bo‘lish. Intellektual mulk bo‘yicha sodir etilgan qonunbuzarliklar uchun javobgarlikka tortish choralarini keskinlashtirish lozim.

Bundan tashqari, reklama vaqti uchun belgilangan narxlarning juda pastligi ham O‘zbekistonda televidenie rivojini to‘xtatib turgan muhim omillardan sanaladi.

Mamlakatda televizion reklama bozori 40 million AQSh dollarigacha, reklama xarajatlari hajmi aholi jon boshiga atigi 0,5-0,7 AQSh dollari deb baholanmoqda. Mamlakat media bozorida dunyodagi 20 yirik reklama beruvchilarning faqat oltitasigina ishtirok etmoqda.

Taqqoslash uchun: Rossiya va Qozog‘istonda ular 16 ta, Ukrainada – 12 tani tashkil etadi. Kontent sifati va qonunchilikdagi cheklovlar reklama beruvchilarning O‘zbekiston televideniesiga bo‘lgan past qiziqishi sabablaridan sanaladi.

Qoidaga ko‘ra, bir soatlik efir vaqtiga olti daqiqadan oshmaydigan reklama to‘g‘ri kelishi kerak. Bu paytda reklama vaqti AQShda 16 daqiqa, Xitoyda 12 daqiqa, Qozog‘iston, Rossiya va Yevropa mamlakatlarida 9 daqiqani tashkil etadi.

– Rossiya Federatsiyasida televidenie sanoati qay darajada rivojlangan?
– Ochiq va umumfoydalaniladigan manbalardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda Rossiyada televidenie davlat va tijorat televideniesiga bo‘linmoqda.
“Pervыy kanal” yarim davlat aksiyadorlik jamiyati, “Rossiya-1”, “Rossiya-K” va “Rossiya-24” kanallarini birlashtirgan “Vserossiyskaya gosudarstvennaya teleradiokompaniya” (”Umumrossiya davlat teleradiokompaniyasi”) davlat korporatsiyalari va qisman (Moskva meriyasi orqali) “TV sentr” aksiyadorlik jamiyati va “Gazprom-media” xoldingi orqali ”NTV” davlat korporatsiyasiga tegishli aksiyadorlik jamiyati davlat televideniesini tanishtiradi. Ularga ”TNT”, ”TV 3” va boshqa kanallar kiradi.
Umumfederal efir telekanallariga ega bo‘lgan yagona tijoriy axborot-ko‘ngilochar telekompaniyasi bo‘lmish ”REN TV” “Milliy Media Guruh” orqali “Beshinchi kanal” bilan bog‘liq.

Shuningdek, federal telekanallarga o‘xshamaydigan qator axborot-ko‘ngilochar telekanallari ham mavjud – “Dojd”, RBK, “Mir” davlatlararo teleradiokompaniyasi va “OTR” Rossiya jamoatchilik televideniesi shular jumlasidandir (ular sputnik, kabel, raqamli televidenie, IPTV va internet orqali yoki faqat ayrim hududlarda analog efir televideniesi orqali teleeshittirishlarni uzatadi).

Rossiyadagi yirik ko‘ngilochar telekompaniya – ”STS” hisoblanadi. Bunda teleeshittirishlar efir, analog, raqamli, sputnik, kabel televideniesi, IPTV va internet orqali amalga oshiriladi.
– Telekanallar menejmenti tizimi qanday bo‘lishi kerak?
 
photo5211015930144992045.jpg
– Televizion sanoatda zamonaviy menejment tizimi, bu – televizion mahsulotning raqobatbardoshliligi va butun telekanalni boshqarish unumdorligi hisobiga yuksak samaradorlik va maksimal darajada ko‘proq foyda olishga yo‘naltirilgan, murakkab boshqaruv harakatlarining yaxlit majmuasidir.
Televidenieda menejment tizimini to‘g‘ri muvofiqlashtirishda yagona optimallashtiruvchi mexanizm bo‘la oladigan boshqaruv yo‘nalishlarining barcha majmuasini o‘z ichiga olgan bo‘lishi kerak. U quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
Moliyaviy menejment – moliya resurslarini boshqarish;

investitsiyaviy menejment – turli miqyosdagi investitsiyaviy faoliyatni boshqarish;

strategik menejment – telekanalni rivojlantirish, maqsadlarni belgilash, strategiyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi;

informatsion menejment;

innovatsion menejment;

marketing;

xodimlarni, loyihalashtirish, sifatni boshqarishni o‘z ichiga oladigan loyihalarni boshqarish;

tavakkalchilik menejmenti;

ekologik menejment;

ijodiy menejment;

sifat menejmenti.
Televizion menejment o‘zining kundalik faoliyatida har qanday biznes singari barcha boshqaruv vositalaridan foydalanadi, biroq baribir ijodiylik bu yerda birinchi o‘rinda turadi.
– Nima uchun biz koreys va turk seriallariga shu qadar bog‘lanib qolganmiz?
– Televidenie – zamonaviy inson hayotining detallaridan biri. Bugungi kunda u har yerda – transportda, ko‘chada, ishda, dam olish maskanlarida biz bilan birga. Biroq eng asosiysi, u bizning uyimizda.

Ko‘pchilik insonlar qiziq teleserialning davomini ko‘rish uchun televizor yoki internetini yoqadilar. Inson teleseriallarni ko‘rish bilan asta-sekin boshqa insonlar – o‘zlarining sevimli qahramonlari olamiga tobora kuchli kirib boradilar va buni hatto sezmasliklari ham mumkin.

Inson serialning milliy mansubligi (turk, Amerika yoki koreys seriali ekani)ga emas, ulardagi umuminsoniy qadriyatlar: muhabbat, do‘stlik, xiyonat, fitnalarga e’tiborini qaratadi. Bir so‘z bilan aytganda, odamlar televizion mahsulotning sifatiga e’tibor qaratadi.
– O‘zbekiston teleradiokompaniyasi tizimidagi hududiy telekanallarni hokimiyatga berish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu nechog‘lik samarali bo‘ladi?
– Menimcha, butun mamlakat miqyosidagi bunday muhim qarorni qabul qilishdan oldin bitta kichik “tajriba-sinov” loyihasida buning samarasini ko‘rish zarur. Avval vaziyatni modellashtirish kerak, mazkur qarorning nechog‘lik to‘g‘riligini vaqt va reytinglar ko‘rsatib beradi.
“Buyuk Kelajak” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti matbuot-markazi bilan hamkorlikda tayyorlandi

 

O‘zA