Zamonaviy logistika yoʻnalishlari koʻpayadi

“Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati masʼullarining “Oʻzbekistonning eksport salohiyatini oshirishda zamonaviy logistika yoʻnalishlarini kengaytirish masalalari toʻgʻrisida”gi axborotlari eshitildi.
Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda parlament quyi palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, partiya markaziy kengashi aʼzolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, ekspertlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, shu jumladan, havo kemalari parkini yangilash, parvozlarning yuqori darajadagi xavfsizligini taʼminlash, aeroportlar infratuzilmasini, havo harakatini boshqarish va malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini takomillashtirish boʻyicha izchil choralar koʻrildi. Mamlakatimizda qishloq xoʻjaligi maxsulotlarini eksport qilishni koʻpaytirish va ragʻbatlantirish boʻyicha amalga oshirilgan saʼy-harakatlar natijasida 2018 yilda aviayoʻnalishlar orqali mahsulot eksport qilish geografiyasi sezilarli darajada kengaydi.
Masalan, 2016 yilda “Oʻzbekistan havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi orqali 800 tonnadan ortiq qishloq xoʻjalik mahsulotlari tashilgan boʻlib, shundan 75 foizi Moskva shahri yoʻnalishiga toʻgʻri keladi. 2018 yilda esa MAK reyslari orqali eksport hajmi 1 ming 850 tonnaga yetdi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotining qon tomiri boʻlgan temir yoʻl sohasida ham istiqbolli loyihalar bajarilmoqda. Jumladan, zamonaviy logistika xizmatlarini rivojlantirish, ularning sifatini oshirish ishlari tizimli amalga oshirilmoqda. Tadbirkorlarga qulaylik yaratish va eksportga koʻmaklashish maqsadida yuk joʻnatuvchilarga “Yagona darcha” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish, yuklarni manzillariga yetkazish muddatlarini qisqartirish yuzasidan imtiyozlar taqdim etilgan.
Fraksiya aʼzolari tomonidan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ yangi logistika yoʻnalishlarini ochish, yoʻl xarajatlari tannarxini qisqartirish, soha mutaxassislarini qayta tayyorlash va sohada raqobatni rivojlantirishga yetarli eʼtibor bermayotganligi tanqid qilindi.

 

A.MUSAYEV, OʻzA muxbiri