Abu-Dabi shahrida davom etayotgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi 37-jahon chempionatining ortda qolgan bellashuvlari sarhisobiga ko‘ra, Gruziya, Italiya, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlari medallar sarhisobida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 107 ta davlat orasida 8-pog‘onani band etib turibdi.

Jahon chempionatining kecha o‘tgan musobaqalari yakunida terma jamoamiz a’zosi Sharofiddin Boltaboyev bronza medali uchun kechgan bellashuvda koreyalik Jun Xvan Liga imkoniyatni boy bergan tarzda 5-o‘rin bilan kifoyalandi. Bu, Boltaboyevga “Parij-2024” Olimpiadasining 720 reyting ochkosini taqdim etdi.

Bugun, 22 may kuni jahon chempionatining to‘rtinchi kunida 4 nafar dzyudochimiz bellashuvlarda ishtirok etadi.

Abu-Dabi bahslarida Davlat Bobonov -90 kilogramm vaznda Luis Gagnon Kriyeber (Kanada)/Peter Safrani (Vengriya) qarama-qarshiligidagi bellashuv g‘olibi bilan kurashga kirishadi.

Jahon chempioni, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Davlat Bobonov terma jamoamizning medallar sarhisobiga o‘zgartirish kirita oladimi? Albatta, hozirdan biron fikr bildirish mushkul. Muhimi, omad Davlat tarafida bo‘lsa bas.

Shuningdek, terma jamoamiz a’zolaridan Shohista Nazarova va  Gulnoza Matniyozova -70 kilogrammda, Irisxon Qurbonboyeva -78 kilogramm og‘irlikda g‘oliblik uchun bahslarga kirishadi.

Eslatib o‘tamiz, 24 mayga qadar davom etadigan jahon chempionatida 107 mamlakatning 658 nafar dzyudochisi ishtirok etmoqda. Bugungacha 17 ta davlat sportchilari sovrindorlar qatoridan joy olgan bo‘lsa, 90 ta terma jamoa sportchilari hali bironta ham medalni qo‘lga kirita olmadi. Hamyurtlarimizdan  hozircha Diyora Keldiyorova kumush medal sohibi bo‘lgan.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA