Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlari inoagentlar to‘g‘risida qonun loyihasi sababli Gruziyaga nisbatan cheklov choralarini ko‘rish zarurligini aytmoqda.

Taklif qilinayotgan choralar qatoriga Gruziya fuqarolari uchun YeIga vizasiz kirish tartibini bekor qilish, maqsadli sanksiyalar va Yevroittifoq fondlarini muzlatib qo‘yish kiritilgan.

“Yevropa mamlakatlari Gruziya hukumatiga bosim o‘tkazishning turli choralarini ko‘rib chiqmoqda”, deyiladi xabarda.

***

Vetnam Sotsialistik Respublikasi Milliy majlisi (bir palatali parlament) mamlakat Kommunistik partiyasi markaziy qo‘mitasi siyosiy byurosi a’zosi, jamoatchilik xavfsizligi vaziri, armiya generali To Lamni Vetnamning yangi prezidenti etib sayladi.

To Lam 1957 yil 10 iyulda Xingyen muzofotida tug‘ilgan. Ko‘p yillar davlat xavfsizligi tuzilmasida turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan.

***

Ispaniya, Irlandiya va Norvegiya bugun 22 may kuni Falastinni tan olishini e’lon qiladi, deb xabar tarqatdi “Politico” gazetasi.

Hozirda Falastin davlatini YeI a’zosi hisoblangan to‘qqizta mamlakat – BolgariyaKiprChexiyaVengriya, Malta, PolshaRuminiyaSlovakiya va  Shvetsiya  tan olgan.

***

– Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik  (MAGATE)  Zaporoje AES atrofida bo‘layotgan voqealar rivojini kunma-kun kuzatib bormoqda, – deb bayonot berdi MAGATE bosh direktori Rafael Grossi “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

Zaporoje AES Dnepr daryosining so‘l qirg‘og‘ida Energodar shahri yaqinida joylashgan. U bloklar soni va quvvati bo‘yicha Yevropada eng yirik AES hisoblanadi. Stansiyada har birining quvvati 1 gigavattga teng oltita energoblok bor.

***

AQSH davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha sobiq o‘rinbosari Viktoriya Nuland Vashingtonni Rossiya hududiga uzoq masofali raketalardan hujum qilish uchun Ukraina qurolli kuchlariga  ruxsat berishga chaqirdi, deb yozdi “The Hill” nashri.

Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Nuland AQSH va Kiyevning boshqa ittifoqchilari Rossiya hududi bo‘ylab zarba berish uchun Ukrainaga yanada ko‘proq yordam berishi kerak, deb hisoblaydi.

***

Germaniya AQSHning muzlatilgan Rossiya aktivlaridan keladigan daromadni Ukrainaga yordamni kuchaytirish uchun foydalanish bo‘yicha rejasini qo‘llab-quvvatlaydi, deb yozdi “Blumberg” axborot agentligi tegishli manbalarga tayanib.

***

YeI Ukraina va Moldovaning ittifoqqa a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralarni rasman 25 iyunda boshlash niyatida, deb xabar tarqatdi “Politico” nashri YeI diplomatlari bergan ma’lumotlarga tayanib.

YeI sammiti 14 dekabrda Ukraina va Moldovani kelgusida Yevroittifoqqa qabul qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga qaror qilgan edi. 2022  yil iyunda YeI Ukraina va Moldovaga a’zolikka nomzod mamlakatlar maqomini berdi.

***

Pekin Janubiy Koreyaning bir guruh deputatlari Tayvan ma’muriyati yangi rahbarining inauguratsiyasida ishtirok etish uchun  orolga safar qilishi munosabati bilan Seulga keskin norozilik bildirdi, deyiladi Xitoyning Janubiy Koreyadagi elchisi e’lon qilgan bayonotda.

O‘tgan dushanba kuni Lay Sinde Tayvan ma’muriyatining yangi rahbari lavozimiga rasman kirishdi. Xabarda ta’kidlanishicha, Lay Sinde orolning mustaqillikka erishishga qaratilgan siyosatni davom ettiradi.

O‘z navbatida, Pekin Tayvanni Xitoy hududining ajralmas qismi, deb hisoblaydi va Tayvan masalasi Xitoyning ichki ishi ekanini ta’kidlab keladi.

***

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) Ukraina maxsus xizmati qo‘lbola atom bombasini yaratish ustida ish olib borayotgani haqida hech qanday ma’lumotga ega emas, deb bayonot berdi MAGATE bosh direktori Rafael Grossi “RIA Novosti”ga bergan intervyusida.

Avvalroq Ukraina parlamentining sobiq deputati Andrey Derkach  ayni paytda Ukraina maxsus xizmati qo‘lbola atom bomba yaratish bo‘yicha ish olib borayotgani haqidagi ma’lumot tekshirilmoqda, deb bayonot bergandi.

S.Rahimov, O‘zA