Fransiya, Parij –ؘ san’at, tarix, moda va madaniyat shahri deb bejizga aytishmaydi.

Fransiyaning madaniy markazi sifatida e’tirof etilayotgan bu shaharda mahalliy va xorijiy fuqarolarga musiqiy dasturlar rang barangligini taqdim etish, qiziqarli va huzurbaxsh festivallar va turli anjumanlarni o‘tkazish odat tusiga kirgan va bu insonlar qalbiga cheksiz kayfiyat tuhfa etishi bilan ahamiyatli.

Bugun Fransiya nafaqat tiniq bagetlar, hashamatli beretlar va xorijiy sayyohlarni o‘ziga rom etayotgan Eyfel minorasi bilan, balki o‘z san’ati, moda haftaliklari, kiyinish uslubiyu, dunyoga mashhur brendlari bilan insonlar ko‘nglidan joy olib ulgurgan. Fransiya chinakam noyob mahsulotlar ishlab chiqaradigan ko‘plab brendlarning vatani hisoblanadi. Bu yerda o‘zining betakror durdona asarlari bilan dunyoni zabt etgan iste’dod egalari tug‘ilib, hozirgacha o‘z sohasining dahosi sanaladi.

Bugun biz mashhur fransuz brendlarini atroflicha e’tirof etmasdan ilojimiz yo‘q. Ushbu brendlar nafaqat Fransiyada, balki butun dunyoda “eng yaxshilarning eng yaxshisi” deya aytiladi. Mamlakat poytaxtida o‘tadigan Parij moda haftaligi va unda namoyish qilinadigan brendlar ham yilning eng muhim mavzusiga aylanadi, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shunday mashhur va barchamizga ma’lum brendlardan biri – Bonpoint. 1975 yilda Mari-Francye Koyen tomonidan asos solingan eng mashhur fransuz bolalar kiyimlari brendlaridan biri bo‘lgan Bonpoint’ning bugungi kunga qadar dunyo bo‘ylab 80 dan ziyod butiklari ochilgan. Jumladan, kuni kecha poytaxtimiz Toshkentda ham korxonaning navbatdagi ikkinchi filiali rasman ish boshladi.

Tashkent City Mall savdo-ko‘ngilochar markazida faoliyat yuritayotgan Bonpoint bolalar kiyimlariga to‘liq ixtisoslashgan noyob brend va sifatli tabiiy materiallarga e’tibor qaratadi. “Brend, shuningdek, bolalarning nozik terisi salomatligi va parvarishi haqida qayg‘uradi, yuqori sifatli bolalar kosmetikasini taklif qiladi”, deyiladi korxona shiorlarida.

Qayd etish kerak, o‘tgan yil oktyabr oyida Toshkent shahri markazida Fransiyaning bolalar kiyimlari brendi Bonpoint’ning birinchi filiali ochilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, brendining birinchi butigi Parijda 1972 yilda ochilgan. Mari-Francye Koyenning nafis didi va tabiiy iste’dodi unga bolalar kiyimlarini sotish bo‘yicha muvaffaqiyatli biznes boshlash imkonini bergan. Fransuz ayolning maqsadi nafaqat o‘z farzandlarida, balki barcha bolalarda juda erta yoshdanoq uslub tuyg‘usini singdirish bo‘lgan.

Mazkur brendining paydo bo‘lishi yoshlar va o‘smirlar modasi olamida haqiqiy sensatsiyaga aylangan. Kompaniya o‘zining dizayn byurosi va atelesini yaratdi. Mahsulotlar yuqori sifatli italyan matolaridan tayyorlangan.

– Brendning navbatdagi filiali katta tantana bilan ochildi, – deydi butikining brend menejeri Inna. – Ushbu kompaniya sotuv shahobchasining poytaxt Toshkentda ochilishidan asosiy maqsad – yoshlarda erta bolalikdan uslub va moda tushunchasini o‘rgatish.

Ma’lumki, bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda yangi loyihalarga start berish, shu jumladan, nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga olib kirish, keng qamrovli savdoni rivojlantirish va o‘zbek mahsulotlarining jahon bozorlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Davlatimiz rahbari sanoat tarmoqlaridagi tadbirkorlar, ishbilarmon doira vakillari bilan ochiq muloqotlar o‘tkazayotgani bejiz emas. O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy sohadagi chora-tadbirlari Fransiyaning Bonpoint kompaniyasi kabi dunyoning eng mashhur brendlarining yurtimizdagi faoliyatiga asos bo‘ldi.

Behruz Xudoyberdiyev, Asliddin Alijonv (video), O‘zA