Navoiy issiqlik elektr stansiyasi yuqori darajada sanoatlashgan va unga tutash mintaqadagi isteʼmolchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlovchi asosiy manba hisoblanadi.
Yirik sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining samarali faoliyati va aholini yanada ishonchli elektr energiya bilan taʼminlash ushbu stansiyada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga bevosita bogʻliq.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 28 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Navoiy issiqlik elektr stansiyasida boʻlib, ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasi poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi.
Umumiy qiymati 432 million AQSH dollariga teng ushbu inshootning quvvati 450 megavatt. Qurilish “Mitsubishi Corporation and MHPS” konsorsiumi va Turkiyaning “Calik Enerji” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
IESda ishga tushirilgan birinchi loyihadan farqli ravishda ikkinchi bugʻ-gaz qurilmasida jami 200 gigakaloriya (Gkal) issiqlik energiyasi ishlab chiqarish koʻzda tutilgan. Bugungi kunda loyihaning bugʻ turbina qurilmasida sinov-sozlash ishlari olib borilmoqda. Ayni paytda gaz turbinasi 320 megavatt quvvat bilan elektr energiya ishlab chiqarmoqda.
Prezidentimiz bugʻ-gaz qurilmasi gaz trubinasining ishlash jarayonini koʻzdan kechirdi.
Bugʻ-gaz qurilmasi joriy yil sentabr oyida ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbari eʼtiboriga loyiha amalga oshirilishi tufayli erishiladigan natijalar va bugʻ-gaz turbinasining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari haqidagi taqdimotlar havola qilindi.
Bugʻ-gaz qurilmasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 3 milliard 454 million kilovatt-soat elektr energiya va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Hisob-kitoblarga koʻra, loyiha samarasida 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun shartli yoqilgʻi sarfi kamayishi hisobidan yiliga oʻrtacha 829 million kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Mamlakatimiz energetika tizimida 2025 yilgacha yana bir qator zamonaviy bugʻ-gaz qurilmalarini barpo etish rejalashtirilmoqda. Bu oʻz navbatida ming nafardan ortiq xizmat koʻrsatuvchi yuqori malakali mutaxassis tayyorlash zaruratini keltirib chiqaradi.
Prezidentimiz ushbu ehtiyojni taʼminlash maqsadida Navoiy IES bazasida bugʻ-gaz qurilmalari uchun xodimlar tayyorlaydigan oʻquv markazi tashkil etish boʻyicha topshiriq bergan edi. Korxonada Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi – JICA moliyaviy koʻmagida oʻquv markazi tashkil etildi. Hozirgi kungacha bu yerda 166 mutaxassis tayyorgarlikdan oʻtdi.
Davlatimiz rahbari korxonaning ishchilari va xorijlik investorlar bilan suhbatlashdi.
Energetika tizimida amalga oshirilayotgan bunday yirik investitsiya loyihalari mavjud energetika quvvatlarini oshirish, eng muhimi, isteʼmolchilarni uzluksiz energiya manbasi bilan taʼminlashga xizmat qiladi. Shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarini jadal rivojlantirish, hududlar infratuzilmasini tubdan yaxshilashga zamin yaratadi. Zamonaviy texnologiyalarning oʻrnatilishi esa yoqilgʻi sarf-xarajati va atrof-muhitga chiqarilayotgan zararni kamaytirish imkonini beradi.