Prezidentning Navoiy viloyatiga tashrifi boshlandi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji, avvalgi vazifalar ijrosi bilan tanishish, yangi istiqbolli loyihalarni belgilash maqsadida 12 mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari 2018 yil mart oyida viloyatga tashrifi chogʻida bergan taklif va tavsiyalari, topshiriqlari ijrosi natijasida viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy hayotida ulkan sifat oʻzgarishlari kuzatildi.

Xususan, viloyatda 2018 yilda yalpi hududiy mahsulot hajmi 21 trillion 729 milliard soʻmni tashkil etdi. Yillik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 103,2 foizga, qurilish ishlari hajmi 128,5 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 103,9 foizga, chakana savdo aylanmasi 106,6 foizga, xizmatlar hajmi 111,8 foizga oshdi.

Oʻtgan yili viloyatda 298 million 651 ming 400 dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Bugun viloyatda “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiydonmahsulotlari”, “Navoiy issiqlik elektrstansiyasi” AJ kabi 20 ga yaqin yirik sanoat korxonalari faoliyat koʻrsatmoqda.

Shuningdek, “Baxt-tekstil”, “Elektrokimyozavodi”, “Karmana gips mahsulotlari”, “Navbahor tekstil”, “Bagil-Medikal-New technology”, “Uz-Kor Silicon” kabi 112 ta qoʻshma hamda xorijiy korxonalarda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Hududda bugun 9 ming 143 ta kichik biznes subyektlari faoliyat yuritayotgan boʻlib, jumladan 181 chorvachilik, 61 baliqchilik va 11 parrandachilik xoʻjaliklari tomonidan aholiga sifatli mahsulotlar yetkazib berilmoqda.

Oʻtgan yili viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 10 trillion 59 milliard soʻmlik toʻgʻridan- toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etildi.

Davlatimiz rahbariga oʻtgan yilgi tashrifi chogʻida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yirik loyihalar xususida atroflicha maʼlumotlar berilgan edi. Xususan, Zarafshon shahrida kvars xom-ashyosidan oyna mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasi taqdimoti oʻtkazilgan edi.

“Zarafshon Oyna” MCHJ tomonidan Germaniya texnologiyasiga asoslangan 97,5 million Yevro qiymatidagi ishlab chiqarish quvvatini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilgan boʻlib, 2019 yilning 4 choragida ish boshlaydigan korxonada yiliga 10 million metr kvadrat oyna ishlab chiqariladi. Natijada 350 kishi doimiy ish oʻrniga ega boʻladi.

Ayni paytda korxona Germaniyaning “Horn Glass Indusries” kompaniyasi bilan texnologiya olib kelish uchun muzokaralar olib bormoqda. Eng asosiysi, bu yerda ishlab chiqariladigan mahsulotning 85 foizi ichki va 15 foizi tashqi bozorga sotiladi.

Viloyatdagi yana bir yirik loyiha – “Navoiyazot” AJda kaustik soda, polivinilxlorid va metanol ishlab chiqarish majmualarining ishga tushirilishi ustida jadal ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur ishlab chiqarish tarmogʻi 2019 yil sentyabr oyidan oʻz faoliyatini boshlagach 903 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Bugungi kunga qadar obyektda 391,6 million dollar mablagʻ oʻzlashtirilib, 94 foiz asbob-uskunalar keltirildi va 84 foiz jihoz joyiga oʻrnatildi. Xullas, loyiha doirasida 88 foiz ishlar bajarilgan.

Bu safar Nurota va Karmana tumanlari, Navoiy shahridagi yangi korxonalar, ijtimoiy obyektlar, energetika, kimyo va baliqchilik majmualari bilan tanishish rejalashtirilgan.

 

Nuriddin Rahimov, OʻzA