Amerikaliklarni qanday qilib hayratga solish mumkin?

Qoraqalpogʻistonlik faol ayollardan biri Ayzada Nurimbetova asli mutaxassisligi tarixchi boʻlsa ham keng jamoatchilikka hunarmand, tashabbuskor jamoat arbobi va mehribon ona sifatida tanilgan. Yaqinda AQSH safaridan qaytgan Ayzada opa moʻjizaviy mamlakatdagi baʼzi taassurotlarini OʻzA muxbiri bilan oʻrtoqlashdi.
Albatta, Amerikaga borib qaytish yangilik emas. Umuman, hozirgi Oʻzbekiston uchun xorijiy davlatlarga xoh ish bilan, xoh sayyohlik maqsadida boʻlsin, fuqarolarning borib qaytishi umuman yangilik boʻlmay qoldi. Agar bundan 15-20 yil avval boʻlganda, haqiqatdan ham xorijga borib qaytish ajabtovur ishdek koʻrinardi. Bularning barchasi Oʻzbekistonning xalqaro miqyosda qanchalik ochilayotgani va rivojlanayotganini bildiradi.
Xoʻsh, Ayzada Nurimbetova AQSHda qanday taassurotlarga ega boʻldi va u qanday qilib amerikaliklarni hayratga soldi? Quyida shu haqida qisqacha keltiramiz.
photo5190599287707380356.jpg
– Bu mening AQSHga navbatdagi shaxsiy tashrifim edi. Vashingtonda singlim yashaydi. Ummon ortiga ushbu safarimda 3 oy qolib ketdim. Kelganimga 4 kun boʻlyapti. Hamon kun bilan tunning oʻrni almashganiga oʻrgana olmayapman, – deydi Ayzada Nurimbetova xushchaqchaqlik bilan. – Lekin 3 oy menga 3 asrdek tuyuldi, rosti. Yurtim, jonajon Vatanimni juda sogʻindim. Toʻgʻri, Amerika ajoyibotlar eli. Har kuni turli voqea-hodisalarga guvoh boʻlasan.
Boʻsh vaqtlarimda asosan muzeylarga sayohat qildim. Muzeylarning faoliyatini atroflicha oʻrganishga harakat qildim. Amerika muzeylariga kirish va tomosha qilish tekin. Bemalol rasmlarga ola berasiz. Amerikaliklar kelgan mehmonga resurs, boylik sifatida qaraydi va juda hurmat qiladi. Muzeylarda xodimlarning (bizdan farqli oʻlaroq, AQSH muzeylarida ekskursovodlarning aksariyati erkaklar) xushmuomalaligi tahsinga sazovor.
Amerikaliklarning vatanparvarlik hissi shu qadar balandki, tashkilotlardan tashqari deyarli har bir uyning sirtida davlat bayrogʻi hilpirab turganini koʻrish mumkin…
photo5190599287707380357.jpg
“Ijodkorlar oilasida tugʻilganman, shuning uchun sanʼatga qiziqaman. Koʻproq muzeylarga borgim keladi. Dadam teatrda rassom boʻlgan va shu bois men kichkina vaqtimdan ranglarning farqini oʻrganganman. Ranglarni sezish xislatim meni dizayner boʻlishga sababchi boʻldi. Qachon ranglarni sezar ekansan, shunda sendan yaxshi dizayn, yaxshi kompozitsiya chiqadi.
Koʻpchilik xorijiy mehmonlar Qoraqalpogʻistonga kelganda: Nima uchun sizlar yorqin rangdagi kiyimlarni kiyasiz, deb soʻraydi. Qoraqalpoqlarda azaldan kiyim kiyishning oʻziga xos xususiyatlari bor. Masalan, qizlar yorqin qizil, oʻrta yoshdagi ayollar toʻq qizil, yoshi ulugʻlar esa oq rangli kiyimlarni kiygan. Bu ranglar tabiatning oʻzidan olingan, yaʼni tabiiy oʻsimliklardan olingan. Ipak matolar shu boʻyoqlar bilan boʻyalgan.
Ajdodlarimiz sahroning qoq markazida oʻtirib, tabiatning oʻzidan namuna olib, dizayn chiqargan. Hozirda shu ajdodlarimizning qoldirib ketgan meroslarini targʻib qilmoqdamiz.
Yaqinda AQSHda tekstil muzeyiga qoraqalpoqcha milliy kiyimlarimni kiyib va oʻzim bilan boshqa kashtachilik mahsulotlarini ham olib borgandim. Muzeydagilar eʼtibori menga qaratdi. Buni oʻzim darhol sezdim. Muzey xodimlari ham oldimga kelib kiyimlarimni tomosha qilib, soʻray boshladi. Tushuntirib berdim. Bir zumda muzeydagilar ham, sayohatchilar ham meni oʻrab oldi.
“Bu kiyimlardagi naqshlar ming-ming yillik ajdodlarimizdan qolgan meros. Mana bu qoʻchqor muguz, mana bunisi qumursqa bel, bunisi esa sichqon izi, qurbaqa, it tovon, tuya tovon, chayondum, oʻrik guli naqshlari va hokazo. Bularning barchasini olis ajdodlarimiz atrofida nimaiki narsani koʻrgan boʻlsa, shunga qarab naqsh chizgan. Shu naqshlarga qarab uni kiyib yurgan kishining kim ekanligini aniqlash mumkin boʻlgan. Qoraqalpoqlarda qizlar turmushga chiqqandan keyin izidan mol-dunyo olib borish dasturi bor. Yaʼni, yangi xoʻjalikka kerakli anjomlar, yosh kelinchakka kiyim-kechaklar, degandek.
Shu mol-dunyo bilan kelgan kiyimlarga qarab qizning asli qanday oiladan chiqqanligini bilgan. Masalan, qoʻchqor muguzli naqshi koʻproq tushirilsa, demak, qoʻyi koʻp choʻponning qizi, oʻsimlik naqshi tushirilgani esa dehqonning qizi, toʻlqin naqshli kiyim boʻlsa, demak u dengiz baliqchisining qizi va hokazo” deb tushuntirgan edim, ishonasizmi, bittasi yigʻlab yubordi.
“Nima boʻldi, sizga? Xafa qilib qoʻyganday bir narsa aytib qoʻydimmi?” deb soʻrasam: “Qanday baxtli xalqsiz? Ming-ming yillik tarixingiz bor, urf-odat, dasturingiz bor, mana shunday naqshu, kiyimlaringiz bor. Bizda esa ana shular yoʻq” desa boʻladimi.
Keyin yana bittasi kelib, Oʻzbekiston haqida, Qoraqalpogʻiston haqida soʻrab ketdi. Investitsiya kiritsak boʻladimi, deb soʻrashdi birisi. Xullas, ularning yurtimiz haqidagi qiziqishi shunday ortib ketdiki, shu yerning oʻzida Oʻzbekistonga tashrif toʻgʻrisida qizgʻin muhokama boshlanib ketdi.
Shu payt juda yaxshi angladim-ki, eng oliy boyligimiz – bu bizning maʼnaviy, madaniy meroslarimiz ekan.
Ha, aytgancha, amerikaliklarni hayratga solish oson emas. Sababi ular juda koʻp axborotga ega xalq. Texnologiya desang, eng zamonaviy texnologiyalar AQSHdan chiqadi. Ilm-fan desangiz, eng koʻp Nobel mukofotini olganlar ham shu yurtdan. Zamonaviy madaniyat, sanʼat desangiz u boʻyicha ham AQSH dunyoda birinchi oʻrinda va hokazo. Xullas, ularni biron narsa bilan hayron qoldirish juda qiyin. Lekin, amerikaliklar (hindulardan boshqa) asli kelgindilar boʻlganligi bois, ular uchun tarix juda muhim. Bizlarning ildizi teran tariximiz, urf-odat, dasturlarimizgina ularni hayratga solishga qodir. Bunga men AQSH safarimda bir necha bor guvoh boʻldim”.

 

Y. Qanoatov, M.Habibullayev (surat), OʻzA