Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorijiy investorlar kengashining navbatdagi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda yetakchi kompaniya va banklar, nufuzli xalqaro tashkilotlar va moliyaviy institutlar vakillari ishtirok etdi. Majlisda Toshkent investitsiya forumining samarali natijalari tilga olindi.
Kengashning dastlabki sessiyasi 2022-yil bo‘lib o‘tgan. Bu kabi muloqotlar hukumatimiz va xorijiy investorlar o‘rtasida ochiq muloqotni ta’minlayotgani bilan ahamiyatli.
Hozir mavzu doirasidagi umumiy fikrlarni bildirishdan yiroqmiz. Mulohazalarni xorijiy investorlar kengashi a’zolaridan eshitamiz.
Shri Prakash Loxiya, «Indorama Corporation» kompaniyasi boshqaruvi raisi (Singapur)
– O‘zbekistonda tekstil, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlarda ko‘plab yirik loyihalarni amalga oshirganmiz. Natijada o‘n ming nafardan ortiq insonni ish bilan ta’minladik. Bu zaminda yetishtirilayotgan mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarishga ham hissamizni qo‘shmoqdamiz. Loyihlarni amalga oshirishda xalqaro moliya tashkilotlari, nufuzli kompaniyalar bilan ish olib borilmoqda. Mamlakatingizda bugun tadbirkorlar uchun mana shunday qulay muhit bor. Yaqinda qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan yana muloqot qildik. Yangi loyihalarni amalga oshiramiz, soha rivoji uchun yangi texnologiyalar kiritish niyatidamiz. Bunday ochiq muloqot muhiti yaratilganidan, takliflarimiz eshitilayotganidan biz tadbirkorlar mamnunmiz.
Li Minsuk, «Youngone Corporation» kompaniyasi bosh ijrochi direktori (Janubiy Koreya)
– O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar samara bermoqda. Kelishuvlarda o‘zaro manfaatdorlikning markazga qo‘yilishi sarmoyalarning ko‘payishiga olib keladi. Bu boradagi yuridik islohotlarni, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘lidagi chora-tadbirlarni ham olqishlash kerak.
Endi faoliyatimiz haqida to‘xtalsam. Biz tekstil, mato ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan birimiz. Ellik yildirki, mahsulotlarimizning xaridorlari mashhur brendlar sanaladi. Turli davlatlarda ishlab chiqarish korxonalarimiz faoliyat olib boradi. O‘zbekistonda ham yirik loyihalarimiz samarali ishlamoqda. Yurtingiz Markaziy Osiyoda biz faoliyat boshlagan birinchi davlat bo‘ldi. Samarqand shahri va Toshkent viloyatida ishlab chiqarish komplekslarimiz tashkil etilgan. Bu loyihalarga investitsiya kiritganmiz. Hozir yana o‘ttiz million dollarlik sarmoya kiritish rejamiz bor. Bunday loyihalar soni ortayotgani O‘zbekistonga bo‘lgan ishonchning bir ramzi deyish mumkin.
Muhammad Al-Ramahiy, «Masdar» kompaniyasi bosh ijrochi direktori (Birlashgan Arab Amirliklari)
– O‘zbekiston ikkinchi uyimga aylandi. Prezidentingiz ta’kidlaganidek, bu yerda ortga qaytmaydigan islohotlar amalga oshirilmoqda. Buni barchamiz ko‘rib turibmiz. Natijalar haqida ko‘p gapirishim ham shartmas, hammasi ro‘y-rost ko‘rinib turibdi. O‘zbekiston 2018-yil bizni, kompaniyamizni yaxshi kutib oldi. “Yashil energiya” borasidagi harakatlarga qo‘shildik. Keyingi yillarda bir qancha hududlaringizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurildi. Yangi loyihalar izchil davom etyapti. Qayerda elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar hal etilsa, o‘sha yerda rivojlanish bo‘ladi. Investitsiya kiradi. Bu taraqqiyotga erishishning shartlaridan biri. Prezidentingiz kengash a’zolarining bildirgan fikrlarini batafsil eshitdi, hammasidan ham muhimi mana shu.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri