Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan jurnalist va blogerlar uchun “Pul-kredit siyosatining 2025 yil va 2026-2027 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari” mavzuida media-muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy bank tomonidan amalga oshirilayotgan pul-kredit siyosati, uning asosiy maqsadi va istiqboldagi chora-tadbirlar to‘g‘risida batafsil ma’lumotlar berildi. Muloqot davomida mas’ul mutaxassislar bilan Markaziy bankning o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlari va pul-kredit siyosati sohasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan choralar muhokama qilindi.
Tadbirda qayd etilishicha, real yalpi ichki mahsulot – YAIM o‘sishi qat’iy pul-kredit sharoitlari va fiskal konsolidatsiya ta’sirida 2025 yilda 5,5-6 foizga teng bo‘lishi kutilmoqda. 2026-2027 yillarda YAIM o‘sishi 6-6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu o‘sishning kelgusi yildagi sekinlashishi asosan fiskal taqchillikning 3 foizgacha qisqarishi, kreditlar o‘sishining yillik 14-15 foizgacha sekinlashishi, xorijiy investitsiyalar va pul o‘tkazmalari o‘sish sur’atining normallashuvi hisobiga kuzatiladi.
2026-2027 yillarda iqtisodiy o‘sishning 6-6,5 foizlik darajasi iste’mol va investitsion faollikning yuqori shakllanishi bilan bog‘liq. Kelgusi 3 yilda eksportning real YAIM o‘sishiga ta’siri ham yuqori saqlanib qolishi, shuningdek, 2025-2027 yillarda pul o‘tkazmalarining fundamental trend doirasida yillik 10-15 foizga oshib borishi prognoz qilinmoqda. Xususan, Rossiyada ishchi kuchi taqchilligi hisobiga ish haqida kuzatiladigan yuqori o‘sish sur’atlari pul o‘tkazmalariga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Boshqa davlatlarga migratsiya oqimining oshib borishi hisobiga ushbu davlatlardan pul o‘tkazmalarining sezilarli o‘sishi kutilmoqda.
Mazkur media-muloqotda ishtirokchilar iqtisodiy bilimlarini oshirish, mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olish, o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘ldi.
Gulnoza Boboyeva, Nosirjon Haydarov(surat), O‘zA