Raqamli texnologiyalar vazirligi markaziy apparati tizimidagi korxona, tashkilot va ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida vazirlik Hay’atining kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni raqamli texnologiyalar vaziri, Hay’at raisi Sherzod Shermatov olib bordi.

Yig‘ilishda vazirlikning bugungi faoliyati, davlat rahbari tomonidan belgilangan topshiriqlarning bajarilishi, sohani rivojlantirish bo‘yicha dolzarb vazifalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, unda O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat yig‘ilishlarida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi. Raqamli transformatsiya bo‘yicha davlat siyosatini amalga oshirishda vazirlikka yuklatilgan mas’uliyatli vazifalar bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Bundan tashqari, Oliy Majlisda 400 ta asosiy maqsadlardan iborat Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakatlar dasturi taqdim etilgani qo‘shimcha qilindi.

Shundan, 25 tasida aynan raqamli texnologiyalar sohasiga doir maqsadlar qamrab olingani sababli ularni sifatli va o‘z vaqtida to‘liq ijro etish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bilan birga, yig‘ilishda 2024 yil “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” doirasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasiga vazirlikning takliflari tayyorlanishi belgilandi. Takliflar “yashil” iqtisodiyot va ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan raqamli texnologiyalarni rivojlantirishni o‘z ichiga olishi qayd etildi.

O‘z navbatida, vazirlik markaziy apparati hamda tizimidagi tashkilotlarda ijro intizomi holati tahlil qilindi. Bajarilayotgan ishlar sifatini oshirish hamda mas’uliyatni kuchaytirish masalalari ko‘tarildi.

Majlis yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi va ularga ijro nazoratini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Vazir Sherzod Shermatov davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor vazifalarni bajarish borasida barcha tashkilot va muassasalar jamoaviy hamkorlikda ishlashi zarurligini ta’kidladi.

N.Rahmonova, O‘zA