Rasmiy Vashington Rossiyani Ukraina askarlariga qarshi xloropikrinli bo‘g‘uvchi vositadan foydalanib, kimyoviy qurol bo‘yicha global taqiqni buzish, tartibsizlikni nazorat qiluvchi vositalardan “urushda” foydalanishda aybladi.

“Bunday kimyoviy moddalardan foydalanish yagona hodisa emas va ehtimol, Rossiyaning Ukraina qo‘shinini mustahkam pozitsiyadan siqib chiqarish, jang maydonida taktik yutuqqa erishish istagi bilan izohlanadi”, – deyiladi AQSH Davlat departamenti bayonotida.

Ko‘z, teri va o‘pkani qattiq tirnash xususiyatiga ega xloropikrin Birinchi jahon urushi payti ko‘p miqdorda qo‘llangan, deya izoh bergan Qo‘shma Shtatlar milliy Kasbiy salomatlik va xavfsizlik instituti.

Ko‘pgina davlatlarda qisman agrar sohada qo‘llanadigan bu suyuqlikdan 1993-yil Kimyoviy qurollar to‘g‘risidagi konvensiya (CWC)ga muvofiq, urushda foydalanish taqiqlangan.

Rossiya hozir harbiy sohada zaharli kimyoviy elementlardan foydalanmayotganini ta’kidlaydi, biroq mamlakat bu borada shaffoflikni oshirishi uchun bosimga duch kelmoqda. Tabiiyki, Rossiya AQSH ayblovini rad etdi.

– Har doimgidek, bunday xabarlar mutlaqo asossiz va hech kim tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi, – dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov OAV vakillariga bergan intervyusida. – Rossiya bu masalada xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatiga sodiq va shunday bo‘lib qoladi.

Rossiya kuchlari xloropikrindan tashqari CS va CN gazi yuklangan granata ham qo‘llagan, deb yozdi “Reuters” oy boshida Ukraina harbiylariga tayanib.

Aytilishicha, kamida 500 nafar ukrainalik askar zaharli modda ta’siridan davolangan, bir nafari esa ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan bo‘g‘ilib, halok bo‘lgan.

Ukraina bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Gyundoz Mamedov ijtimoiy tarmoq orqali Rossiya armiyasi so‘nggi olti oyda Ukraina kuchlariga qarshi 900 martaga yaqin ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani haqida yozdi.

Norozilik namoyishi payti oddiy aholi bunday gazdan qochib qutula oladi, gaz niqobisiz xandakka qamalgan askarlar yo o‘q yomg‘iri ostida qochish yoki bo‘g‘ilishga majbur bo‘ladi.

Makron: Agar ruslar front chizig‘ini kesib o‘tsa,

fransuz qo‘shini Ukrainaga yuborilishi mumkin

Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron qaysi holatda Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor turilishiga aniqlik kiritdi va Rossiya g‘alabasining oldini olish uchun hech nima istisno qilinmasligini bildirdi.

– Agar ruslar front chizig‘ini kesib o‘tib, Ukrainadan so‘rov bo‘lsa, biz haqli ravishda qo‘shin yuborish to‘g‘risidagi masalani ko‘tarishimiz mumkin, hozir emas, – dedi u Britaniyaning “The Economist” nashri muxbiriga.

Makron ittifoqchilarni mazkur ssenariyni istisno qilmaslikka chaqirib, “Bu Yevropa Ittifoqi xavfsizligi va nufuzining asosiy sharti” dedi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Rossiya harbiy harakatini to‘xtata olishi “qizil chiziq bo‘lmasligi”ga bog‘liq.

– G‘arb davlatlari o‘tmishda Ukrainaga tank va samolyot yuborishni istisno etib, haddan ziyod ikkilangan. Biz nima qilayotganimizni yoki nima qilmoqchi ekanligimizni oshkor etmasligimiz lozim. Men hech narsani istisno etmayman, chunki biz hech narsani istisno qilmaydigan odamga duch keldik, –dedi u Rossiya Prezidentini nazarda tutib.

Nafaqa yoshidagi ukrain ko‘ngillilari

ziddiyatni bartaraf etishga hissa qo‘shishni istaydi

Ukrainadagi “Dasht bo‘rilari” ko‘ngillilari rasman mamlakat Qurolli kuchlari tarkibiga kirmaydi, ammo tuzilma a’zolari ziddiyatni bartaraf etishga hissa qo‘shmoqda.

“Reuters” yozishicha, bo‘linma asosan yoshi 60 dan o‘tgan jangchilardan iborat. Ular yoshi nuqtayi nazaridan harbiy harakatga safarbar qilinmaydi, ammo xizmat qilishni istashadi.

Bo‘linma tarkibida salomatligi bilan bog‘liq muammo tufayli harbiy xizmatga jalb etilmaganlar ham bor, ammo ular front ortida qolishni istamagan.

Bo‘linma sardori so‘zlariga ko‘ra, ko‘ngillilar o‘q-dori va nafaqaga ega bo‘lish uchun rasman Ukraina Qurolli kuchlari tarkibiga qo‘shilishga harakat qilgan, ammo bu urinish muvaffaqiyatsiz chiqqan.

– Kishi istasa, 100 yoshida ham jangga borishi, topshiriqni bajarishi mumkin, – deydi 68 yoshli sardor Aleksandr Taran safarbarlikning yangi qoidasiga munosabat bildirib. – Biz son bilan emas, faqat mahorat bilan raqibdan ustun kelishimizkerak.

“Dasht bo‘rilari” xayriya mablag‘i hisobidan moliyalashtiriladi va qo‘lda ta’mirlangan yoki o‘lja qilib olingan qurol, o‘q-doridan foydalanadi. Buning ustiga, ko‘ngillilar ukrain harbiylarini ham qayta tiklangan qurollar bilan ta’minlaydi.

Keksa ko‘ngillilar bo‘linmasi front chizig‘i yaqinida pikaplarda va kuzoviga raketa qurilmasi o‘rnatilgan yuk mashinalarida harakatlanadi. Hozir ular Zaporoje viloyatida jang qilmoqda. Mintaqa rahbari Yuriy Malashko mart oyi o‘rtalarida ko‘ngillilar bilan uchrashgan va keksa jangchilarni “mardlik, jasurlik va sadoqat timsoli” deb atagan.

Moskvada o‘lja qilib olingan texnikalar ko‘rgazmasi ochildi

Moskvadagi Poklon tog‘ida 1-may kuni Ukraina hududida egallab olingan texnikalar ko‘rgazmasi ochildi. Ekspozitsiyadan 32 namunadagi harbiy texnika, jumladan NATOga a’zo davlatlar armiyalari uskunalari o‘rin olgan.

– Ko‘rgazmada rossiyalik jangchilar zarbasiga uchragan tanklar, zirhli avtomobillar, NATO mamlakatlari tomonidan Ukrainaga yetkazib berilgan Piyodalar jangovar mashinalari va Zirhli transportyorlarni tomosha qilish istagidagi yuzlab kishilar to‘plandi, – deyilgan TASS xabarida.

Shuningdek, ko‘rgazmada nemislarning “Leopard-2”, amerikaliklarning “Abrams” tanklari, “Bradley” Piyodalar jangovar mashinasi, “M113” rusumli Zirhli transportyor va boshqa texnika vositalari, hatto, amerikaliklarning “M88A1” ta’mirlash-evakuatsiya qilish mashinasi ham bor. Bundan tashqari, ukrainlarning zirhli transportyori, “Kozak” zirhli avtomobili, T-72 va T-64 tanki, chet el armiyalaridagi o‘q otar qurollar, ukrain harbiy xizmatchilarining aloqa vositasi, tangga qarshi qurilma majmuasi, mina va dronlar ham namoyish etilmoqda.

Chodirdagi multimedia ekranida zirhli texnikaga zarba berilayotgani aks etgan tasvirlar ko‘rsatilmoqda.

Kemeron Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashdi

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron 2-may kuni Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukrainaning Londondan olingan qurollar bilan Rossiya hududiga zarba berish huquqini ma’qulladi.

– Kiyevda shunday huquq bor, Rossiya Ukraina hududiga hujum qilmoqda va mamlakat o‘zini himoya qilish zaruratini his qilayotgani tushunarli, – dedi Kemeron.

Birlashgan Qirollik tashqi siyosat idorasi rahbari London tomonidan Kiyevga har yili 3 milliard funt sterling (3,5 milliard yevro) miqdorida yordam ko‘rsatilishini aytdi. Shu bilan birga Ukrainaga Britaniyadan yangi qurol-yaroq yetkazib berish istiqboli hanuz noaniq ekanini ham tan oldi.

Kiyevda u Prezident Vladimir Zelenskiy va boshqa rasmiylar bilan uchrashgan.

O‘tkir Mirzo tayyorladi.

O‘zA