Mutaxassisning chet tillarini bilmaslik muammosi bartaraf etilishi kerak

Nukusda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining taqdimot marosimi oʻtkazildi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasining shahar va tumanlari hokimliklari, vazirlik va idoralarning kadrlar bilan ishlash boʻyicha mutasaddilari ishtirok etdi.
Jamgʻarma tomonidan eʼlon qilingan oliy taʼlim muassasalari pedagog kadrlarining malakasini xorijda oshirish, stajirovka oʻtash, doktorantura va magistraturada oʻqitish dasturlari boʻyicha birinchi stipendiya tanlovi oʻtkazildi. Ayni paytda Jamgʻarmaning Vasiylik kengashi tomonidan ushbu tanlov gʻoliblari saralab olinmoqda.
Ikkinchi stipendiya tanlovi ham eʼlon qilindi. Bunda “Fan va ilmiy-tadqiqotlar”, “Sogʻliqni saqlash”, “Davlat boshqaruvi” va “Iqtisodiyotning istiqbolli tarmoqlari” sohalari boʻyicha respublika boʻyicha joriy yilning 20 fevralidan 20 martiga qadar hujjatlar qabul qilinmoqda. Muhimi, ikkinchi stipendiya tanlovida ishtirok etuvchilar arizalarini onlayn tarzda topshirish imkoniyati yaratildi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi “Isteʼdod” jamgʻarmasining huquqiy vorisi sanaladi. Yangi jamgʻarmada kvotalar avvalgilarga qaraganda bir necha barobar oshirilgan. Taqdimotda hozir jamgʻarma hisob raqamida yetarli miqdorda mablagʻ borligi, jamgʻarmaga kadrlarning ichidan eng yaxshilarini tanlab, xorijda oʻqitish vazifasi qoʻyilganligi taʼkidlandi. Lekin bir muammo – yaxshi mutaxassislarning chet tillarini bilmasligi ham qayd etildi.
Shuni hisobga olgan holda, yosh kadrlarning xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishiga koʻmak berish maqsadida “El-yurt umidi” jamgʻarmasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan 22 ta oliy oʻquv yurtlarida markazlar tashkil etyapti.
Shu markazlarning ikkitasi Nukusda – Qoraqalpoq davlat universiteti va Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan. Aprel oyidan boshlab ushbu markazlarda oʻquv jarayoni boshlanadi. Jamgʻarma ushbu markazlarga ilgʻor xorijiy davlatlardan malakali pedagoglarni jalb etib, mahalliy universitetlarga yordam beradi.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA