O‘zbekiston va Koreya davlatlari o‘rtasida ko‘p qirrali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Parlamentlararo aloqalar rivojlanmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasida birgalikda loyihalar amalga oshirilayotir.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot qo‘mitasi raisi Shin Dong Ginni qabul qildi va shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi rejalarni muhokama qildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish uchun mavjud salohiyatdan foydalanish lozimligi aytib o‘tildi.

Muloqot davomida aholini ijtimoiy himoya qilish, xususan, sog‘liqni saqlash yo‘nalishida yangi loyihalarni, jumladan, hamkorlikda yangi tibbiyot markazlarini tashkil etish, farmatsevtika klasterlarini ishga tushirish, kadrlar tayyorlash, hududiy tibbiyot muassasalarini ilg‘or uskunalar bilan jihozlash yuzasidan fikr almashildi.

Keyingi yillarda parlamentlar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani, do‘stlik guruhlarining yaqin muloqoti yo‘lga qo‘yilganiga urg‘u berildi.

Shu bilan birga, Oliy Majlisi Senatida Koreya Respublikasi Milliy assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha maxsus komissiyaning tuzilgani respublika rahbariyati tomonidan ikki tomonlama hamkorlikka katta e’tibor qaratilayotganining ifodasi ekani e’tirof etildi.

Oliy darajadagi kelishuvlar va qo‘shma loyihalarning ushbu komissiya doirasida muhokama qilinishi ularning o‘z vaqtida hamda sifatli bajarilishiga ko‘mak berayotgani aytib o‘tildi.

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi hamda Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasining Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta’minot qo‘mitasi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish orqali onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash zarurligiga e’tibor qaratildi.

Reproduktiv ko‘rsatkichlarni yaxshilash, irsiy kasalliklarning oldini olish, «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari uchun volontyorlarni jalb qilish yo‘nalishlarida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova, O‘zA