“Jadidlar orzusi” spektakli muxlislarga taqdim etiladi

594

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida XX asr boshlarida xalqimizni ozodlik va ilm-ma’rifatga chorlab, millatni uyg‘otishga umrini bag‘ishlagan jadid bobolarimiz hayotiga bag‘ishlangan “Jadidlar orzusi” spektakli sahnalashtirildi.

Joriy yilning  17 may kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi madaniyat saroyida ushbu sahna asarining premerasi bo‘lib o‘tadi.

“Jadidlar orzusi” spektakli Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon kabi taraqqiyparvar bobolarimiz  hayotiga bag‘ishlanadi.

Unda o‘z davridagi turli qiyinchiliklarga qaramasdan Vatan ravnaqi, yurt osoyishtaligi, erk uchun kurashgan bobolarimizning  faoliyati aks ettiriladi.

Jadidlar haqida so‘z borganida, Abduqodir Shakuriy, Saidahmad Hasanxo‘ja o‘g‘li Siddiqiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Obidjon Mahmudov, Abdulhamid Cho‘lpon, Ishoqxon Ibrat, Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov nomlari ham yodga olinadi.

Turkistonda jadidchilik XIX asr oxiri XX asrning boshlarida ziyolilarning xalq orasida ozodlik, hurriyat, madaniy-ma’rifiy g‘oyalarini keng targ‘ibot qilish va amalga oshirishga qaratilgan ezgu sa’y-harakatlar bilan bevosita bog‘liqdir.

Ma’lumki, jadidlarimiz huquq, milliy davlat, hokimiyat masalalari bilan muntazam shug‘ullandilar. Ayni paytda maktab–maorif isloh qilina boshlandi. Milliy matbuot yo‘lga qo‘yildi. Teatr paydo bo‘ldi. Yangi adabiyot shakllandi. Bir so‘z bilan aytganda, yangi tafakkur maydonga keldi. Bu – millatning o‘zligini anglash va mustaqillik mafkurasi edi. Bu hol, shubhasiz, millatning keyingi 3-4 asrlik tarixiy taraqqiyotida misli ko‘rilmagan hol edi. Sahna asarida ayni jihatlarni aks ettirishga harakat qilingani e’tiborlidir.

 

N.Usmonova,  

O‘zA