Prezident hamda ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari qaysi fanlardan o‘tkaziladi?

309

Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarga qabul jarayonlari iyun oyidan boshlanadi, imtihonlar esa iyul oyida o‘tkaziladi.

Xo‘sh, Prezident maktablariga kirish imtihonlari qaysi fanlardan va qay tarzda o‘tkaziladi?

Mazkur savol yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi axborot xizmati rahbari Jo‘rabek Jangirov quyidagilarni ma’lum qildi.

– Kirish imtihonlari ikki bosqichda o‘tkaziladi, – deydi Jo‘rabek Jangirov. – Birinchi bosqich — matematika fanidan jami 30 ta test shaklida o‘tkaziladi. Birinchi bosqich natijasiga ko‘ra, qabul kvotasida belgilangan har bir o‘ringa 20 nafar hisobidan, har bir maktabda jami 480 nafar maksimal ball to‘plagan o‘quvchiga ikkinchi bosqichda ishtirok etishga ruxsat etiladi.

Ikkinchi bosqich kirish imtihonlari test shaklida o‘tkaziladi. Xususan, matematika fanidan tanqidiy fikrlash va muammoni yechish bo‘yicha 40 ta test hamda ingliz tili fanidan grammatika va matn bilan ishlash bo‘yicha 40 ta test savolidan iborat.

Ixtisoslashtirilgan maktablarning kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi.

Aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 5 – 7-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta, jami 45 ta test, 8 – 11-sinflar uchun matematika fanidan 20 ta test, fizika fanidan 10 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta test shaklida o‘tkaziladi.

Tabiiy fanlar bo‘yicha 7-sinflar uchun tabiiy (scyeincye) fanidan 30 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta, jami 45 ta test hamda  8 – 11 sinflar uchun biologiya fanidan 10 ta test, kimyo fanidan 20 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta, jami 45 ta test shaklida o‘tkaziladi.

Agentlik tizimidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarda kirish imtihonlari bir bosqichda yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi tartibda o‘tkaziladi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:

Axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha 5-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, shundan 10 tasi mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan, ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.

Abu Ali Ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:

Biologiya va kimyo yo‘nalishi bo‘yicha 7-sinflar uchun tabiiy (sciyencye) fanidan 30 ta test va ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.

Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida:

Fizika va astronomiya yo‘nalishi bo‘yicha 7-sinflar uchun matematika fanidan 30 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta test, jami 45 ta topshiriq test shaklida o‘tkaziladi.

Ijod maktablarining kirish imtihonlari davlat tilida (Qoraqalpog‘iston Respublikasida qoraqalpoq tilida), Is’hoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida chet tilida 3 bosqichda o‘tkaziladi. Birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish, ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat, uchinchi bosqich — ona-tili va adabiyoti fanidan 20 ta test, ingliz tili fanidan 15 ta test hamda intellektual qobiliyat darajasi bo‘yicha 15 ta test, jami 50 ta topshiriqdan iborat test sinovlari shaklida o‘tkaziladi.

Kirish imtihonlari natijalari Prezident maktablarida birinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida, ikkinchi bosqichda imtihon topshirilgan kundan keyin 30 kun ichida, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda imtihon topshirilgan kundan keyin 20 kun ichida agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA