“Ilik uzildi” vaqtida nimalar isteʼmol qilishimiz kerak?

Bahor keldi. Qish bilan uyquda yotgan tabiat uygʻonmoqda. Koʻp insonlarda bu davrda holsizlanish, toliqish va tez charchab qolish holatlari kuzatiladi. Xoʻsh, bu vaqtda nima qilish lozim? Ushbu savolga mutaxassis javob berdi.

– Insonlarda yiliga fasllar almashinuvi davrida: ayniqsa, kuzdan qishga, qishdan bahorga oʻtishda siz aytgan holatlar koʻp kuzatiladi, – deydi mutaxassis Qahramon Shodiyev. – Bu vaqtda inson toʻgʻri ovqatlanish tartiblariga toʻliq rioya qilishi lozim boʻladi. Nonushtaga quruq mevalar: yongʻoq, mayiz, bodom va asal isteʼmol qilish maqsadga muvofiq. Tushlikda va kechki ovqatda asosan yogʻsiz va tez hazm boʻladigan taomlarni tanovul qilishi va albatta, koʻkat va tabiiy va yangi poliz ekin (rediska va shunga oʻxshash)larini isteʼmol qilishlari kerak.

Bu paytda sitrus mevalarni koʻp isteʼmol qilish xavfli hisoblanadi.Chunki allergiyaga moyil kishilarda bahordagi oʻzgarishlar, tabiatning uygʻonishi daraxtlarning gullashi, barg chiqarishi, oʻt-oʻlanlar, oʻsimliklarning gullashi va oʻzidan taratayotgan hidi setrus meva bilan birgalikda kishidagi kasalliklarni qoʻzgʻashi mumkin.

Non mahsulotlarini koʻproq isteʼmol qilish kishini kun davomida tetik va sogʻlom koʻrinishda yurishga yordam beradi.

Bu vaqtda bemalol kishilar ovqatlanish tartibini koʻpaytirishlari mumkin. Nonushta va tushlik hamda tushlik va kechki taom orosiga qisqa tanovul vaqtini kiritib olsalar, tabiatning bu injiq davrini zararsiz va odatdagidek oʻtkazishda yordam beradi.

Bu davrda yana insonlar ruhan ham sogʻlom, kayfiyati yuqori boʻlishi uchun tabiat qoʻynida koʻproq sayr qilishlari lozim. Ana shunda tabiat va inson uygʻunlashadi. Sogʻlom va tetik hayot kechirishda yordam beradi.

 

Dilobar Asliddin qizi, OʻzA