Yuksalish – Namanganning taraqqiy etgan shaharchasi boʻladi

Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrining Yuksalish mahallasi hududida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar va hududni rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.
Prezidentimiz dastlab shahar markazida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” bogʻi qurilishi bilan tanishdi. Nafaqat Markaziy Osiyoda, balki jahonda oʻxshashi kam boʻladigan mazkur bogʻ viloyatning tashrif qogʻoziga aylanadi.
Namangan shahrining Yuksalish mahallasi keyingi ikki yilda butunlay yangi qiyofa kasb etdi. 2018 yilda bu yerda 588 xonadondan iborat 7 qavatli 14 ta arzon uy-joy qurib, foydalanishga topshirildi.
Joriy yil oxirigacha turar joylar yana 14 taga koʻpayib, xonadonlar soni 1 ming 176 taga yetkaziladi. Shuningdek, ushbu hududda Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xizmatchilari uchun 5 qavatli 8 ta turar joy binosi barpo etilmoqda.
Investitsiya dasturiga muvofiq, 2019 yilda 385 oʻrinli bolalar bogʻchasi qurib bitkazilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, hududning bosh rejasiga asosan monolit uslubida 9 va 12 qavatli zamonaviy turar joy binolari, bozor, koʻngilochar-sogʻlomlashtirish markazlari, maktab, koʻp qavatli avtomobillar saqlash joyi qurish rejalashtirilgan.
Yuksalish mahallasi yonida 80 gektarlik kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu sanoat hududida ayrim loyihalar ishga tushirilib, mahalliy aholi ish bilan taʼminlandi. Sanoat zonasi toʻliq ishga tushgach 7 ming 271 yangi ish oʻrni yaratiladi, yiliga oʻrtacha 500 milliard soʻmlikdan ziyod mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “HUNDAI” avtomobil zavodi ham shu hududga yaqin joyda barpo etiladi. Ham hudud, ham ishlab chiqarish salohiyati ortishi hisobiga Yuksalish mahallasi yuqori texnologik rivojlangan shaharchaga aylanadi.
Kelgusida bu yerda 75 mingdan ziyod aholi yashaydi. Odamlar shu hududdagi kichik sanoat zonasi va yirik korxonalarda ishlaydi.
Davlatimiz rahbari Namangan shahrining A.Xoʻjayev koʻchasidagi boʻsh turgan bino oʻrnida “IT park” tashkil etish loyihasi bilan tanishdi. Uch qavatli binoda yoshlarga yangi zamonaviy texnikalar bilan ishlash koʻnikmalarini oʻrgatuvchi kurslar, toʻgaraklar tashkil etiladi. Innovatsion markazda maktab oʻquvchilaridan to oliy taʼlim muassasalari talabalarigacha qamrab olinadi. Bu yerda bilim va hunar oʻrgangan tayyor mutaxassislar shaharchadagi korxonalarga ishga joylashadi.
Prezidentimizga rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Namangan shahrini rivojlantirish boʻyicha takliflar, zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida Yuksalish shaharchasini obod qilish, biznes markazlar, dam olish maskanlari, saylgohlar barpo etish rejalari haqida maʼlumot berildi.
Shavkat Mirziyoyev Namangan salohiyati jihatidan boshqa hududlardan kam emasligi, shu bois uy-joylarni qurishda sifat bilan birga turar joylarga xizmat koʻrsatish darajasini ham oshirish kerakligini taʼkidladi. Shaharni istiqbolda yanada rivojlantirishga doir loyihalarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga joʻnab ketdi.

 

Matnazar Elmurodov, OʻzA