Ruslanbek Davletov: “Fuqarolarga bepul huquqiy maslahat beradigan “Advice.uz” huquqiy portali aprel oyida ishga tushadi”

ONLAYN: Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida Adliya vaziri RuslanbekDavletovning 2018 yilda huquqiy targʻibot va maʼrifatning holati toʻgʻrisidagi axboroti eshitildi.

R.Davletov huquqiy targʻibotning eskirgan va samarasiz usullaridan butunlay voz kechilayotganini qayd etdi. Targʻibot ishiga yangicha yondashuv, innovatsiyalarni faol jalb etilmoqda.

2018 yilda 284 mingdan ortiq xonadonga borib, huquqiy maslahatlar berilgan. 329 mingdan ortiq manzilda targʻibot tadbirlari tashkil qilingan.

Targʻibot ishlari oldingi davrga nisbatan 4 barobarga koʻpaygan. Shu bilan birga, aholi koʻp-koʻp koʻtarayotgan muammoli masalalar, yaʼni migratsiya, moddiy yordam, yer, uy-joy olish, kommunal xoʻjalik, imtiyozlar, aliment, ishga joylashish, taʼlim olish va boshqalar boʻyicha huquqiy targʻibot jadallashtirilgan.

Bunda oddiy tilda qonunchilikni tushuntirishga eʼtibor qaratilib, buklet, flayer, liflet va plakatlar shaklida aholiga 2,5 million nusxada tarqatilgan.

Fuqarolar kundalik hayotida asqotadigan va foydalana oladigan “Hayotiy muhim masalalar boʻyicha huquqiy qoʻllanma” tayyorlangan. Qoʻllanma oila davrasida huquqiy savodxonlikni oshirishga moʻljallangan boʻlib, unda fuqarolik, mulk, mehnat, taʼlim, soliq va oila qonunchiligiga doir muhim tushunchalar ochib berilgan. Hozirda qoʻllanma oilalarga bosqichma-bosqich bepul tarqatilmoqda.

– Shu fursatdan foydalanib, hurmatli hokimlarimiz bizga shu qoʻllanmani chop etishda koʻmak bersa, biz minnatdor boʻlardik – dedi Adliya vaziri. – Adliya kuchi bilan 200 ming nusxa tarqatdik, qoʻshimcha yordam ayni muddao boʻlardi.

Xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib 2018 yilda huquqiy targʻibot ishlarida ommaviy fleshmob va aksiyalar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyildi. Targʻibot sohasida zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish bir necha oʻn barobarga kengaytirildi.

Masalan, telegramdagi Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali hozirda 137 ming aʼzoga ega.Fuqarolarning huquqiy bilimlarini oshirishga boʻlgan harakatlarni munosib ragʻbatlantirish maqsadida tanlovlar va viktorinalar tashkil etish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

“Maqsad aholiga huquqiy axborotni biz xohlagan paytda emas, balki ular oʻzlari xohlagan paytda olish imkonini yaratishdir, – dedi R.Davletov. – Shu maqsadda Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda “Citizens Advice” tarmogʻi asosida fuqarolarga turli sohalar boʻyicha bepul huquqiy maslahat beradigan “Advice.uz” huquqiy portali yaratilmoqda. Biz mazkur portalni shu yilning aprel oyida ishga tushiramiz”.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA