Qoraytirilgan oynali transportdan ruxsatsiz foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladimi?

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoyasini taʼminlash sohasidagi faoliyatiga oid qonun hujjatlari yanada takomillashtirilmoqda.
Oliy Majlis Senati oʻn sakkizinchi yalpi majlisida muhokama etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun shu maqsadga qaratilgan.
Mazkur hujjat 36 moddadan iborat boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasining 24 qonuni va 8 kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Videokonferensaloqa rejimidagi tergov harakatlari surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning tegishli qarori asosida qaysi hollarda oʻtkazilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, tusi oʻzgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan ruxsatsiz foydalanganlik, shuningdek, boshqa yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritilmoqda.
Senatorlar qonunning qabul qilinishi normativ-huquqiy hujjatlardagi tushunchalar va terminlar qonun hujjatlarida qabul qilingan maʼnolariga muvofiq bir xilda qoʻllanishini taʼminlashga, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv mexanizmlarini yanada takomillashtirishga koʻmaklashishini qayd etdi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

A.Musayev, OʻzA