Ombudsmanning taʼsir chorasi tufayli 27 jinoyat, 28 maʼmuriy va 44 intizomiy ish qoʻzgʻatilgan

ONLAYN:Ichki ishlar organlarining 21 nafar xodimi, shuningdek boshqa tashkilotlarning 51 nafar xodimi javobgarlikka tortilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn sakkizinchi yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman)ning 2018 yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot taqdim etildi.

Inson huquqlari boʻyicha vakil Ulugʻbek MuhammadiyevOmbudsmanga tushayotgan murojaatlariga toʻxtalib oʻtdi.

2018 yilda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va Ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 10 ming832 (2017 yilda – 9ming 74) murojaat qabul qilingan.

Murojaatlarning 37 foizi inson va fuqaroning shaxsiy huquq va erkinliklariga, 34,9 foizi ijtimoiy, 25,1 foizi iqtisodiy, 2,3 foizi siyosiy va 0,7 foizi ekologik huquqlarga tegishli boʻlgan.

Parlament nazorati subyekti sifatida Ombudsman 2 ming 158 shikoyatni koʻrib chiqishni oʻz nazoratiga olgan. Ularni koʻrib chiqish natijasida tashkilotlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakati yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlar 685holatda asosli boʻlib chiqqan. Nazoratdagi murojaatlarning 478 tasi ayni paytda ham oʻrganish jarayonida, 97 murojaat yuzasidan sud-tergov tadbirlari oʻtkazilmoqda. 337 murojaat boʻyicha ayrim holatlarga oydinlik kiritish uchun Ombudsmanning qoʻshimcha soʻrovi yuborilgan.

Shikoyatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha 27 jinoyat ishi, 28 maʼmuriy va 44 intizomiy ish qoʻzgʻatilgan va 22 ta tekshiruv oʻtkazilgan. Ichki ishlar organlarining 21 nafar xodimi, shuningdek boshqa tashkilotlarning 51 nafar xodimlari javobgarlikka tortilgan.

Murojaat etuvchilar manfaatlarini koʻzlab jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish toʻgʻrisidagi 48 qaror bekor qilinib, sudlar qaroriga 14 protest kiritilgan.

 

Norgul Abduraimova, OʻzA