Gugurt qutisiga joy boʻlgan zahri qotil oʻz “egasiga“ yaxshilik keltirmadi

Surxondaryo viloyati Shodlik mahallasida yashovchi Nozim Qulboyev (ism-shariflar oʻzgartirildi) Termiz shahrida kechki payt bejiz betoqat boʻlib yurmagan ekan. Viloyat ichki ishlar idorasi xodimlari tomonidan Turon mahallasi hududida oʻtkazilgan navbatdagi tadbir chogʻida uning siri ochilib qoldi. 
Shu yil 51 yoshni qarshilaydigan bu shaxs xolislar ishtirokida tekshirib koʻrilganida yonida bir gugurt qutisiga joylangan marixuana giyohvand moddasi borligi aniqlandi. Viloyat markaziga “mehmondorchilik”ka kelgan N. Qulboyevning yonidan topilgan zahri qotil hujjatlashtirib olinganida uning vazni 1,19 gramm tosh bosdi.
– Joylarda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatlarni jilovlash borasida koʻplab profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati rahbari kapitan F.Toshboyev. – Mazkur jarayonlarda giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, joʻnatish va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazishning jinoyat ekani ham keng targʻib qilinmoqda. Biroq ayrim shaxslarning hali ham bu kabi jinoyatlarga qoʻl urayotgani achinarlidir. Masalan, Termiz shahrida oʻtkazilgan yana bir tadbir chogʻida Oltinsoy tumani Botash mahallasida yashovchi dorixona sotuvchisi Shodi Tangiyev Maʼrifat mahallasi hududida 20 dona “Sonnat” tabletkasini mijozga pullayotganiga qoʻlga tushib qoldi. Jinoyat uchun esa jazo muqarrar. Shu bois endi 27 yoshga toʻlayotgan bu shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi ochildi. Bunday misollarni yana keltirish mumkin.
Ayni paytda N.Qulboyevning ishi yuzasidan ham tegishli tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

 

Xolmoʻmin Mamatrayimov, OʻzA