Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Prezidentlar ikki mamlakat rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi va saʼy-harakatlari tufayli Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi strategik sheriklik va oʻzaro manfaatli hamkorlik jadal rivojlanib, izchil mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Oliy darajadagi oʻzaro tashrif va muzokaralar Oʻzbekiston – Turkmaniston munosabatlarini aniq mazmun bilan boyitdi.
Toshkent va Ashxobodda birgalikda milliy koʻrgazma va biznes forumlari oʻtkazilgani, Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilgani, idoralararo hamkorlik mustahkamlanayotgani tovar ayirboshlash hajmini oshirish va iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirishga xizmat qildi.
Suhbatda Orolboʻyida ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash va ekologik falokatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Avaza shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi sammitining muvaffaqiyatli oʻtkazilgani hamda Turkmanistonning ushbu jamgʻarmadagi samarali raisligi mintaqa mamlakatlari va xalqaro hamjamiyatning Orol muammosini hal etish borasidagi birgalikdagi saʼy-harakatlariga yangi surʼat bagʻishladi.
BMT shafeligidagi Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik asosida Trast fondi oʻz faoliyatini boshlagani hamda dengizning qurigan tubida oʻrmonlar yaratish boʻyicha olib borilayotgan keng miqyosli ishlar yuksak baholandi.
Shuningdek, boʻlajak tadbirlar rejasi yuzasidan, jumladan, joriy yilning aprel oyida Toshkentda boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi maslahat uchrashuviga tayyorgarlik koʻrish toʻgʻrisida fikr almashildi.
Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh xalqlarimiz va mamlakatlarimiz farovonligi yoʻlida Oʻzbekiston bilan Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash borasida intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

 

OʻzA