Rossiyada ikkinchi milliarder ayol paydo boʻldi

“Vesti.ru” xabariga koʻra, rossiyalik ikkinchi milliarder ayol “ Wildberries” internet doʻkoni egasi Tatyana Bakalchukdir.
Qayd etilishicha, Tatyana Bakalchukning onlayn-reteyler kompaniyasi 4-oʻrin bilan “Forbes” roʻyxatidan joy olgan.
“Forbes” maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda Bakalchuk daromadi 1,2 milliard dollarga yetgan. Oʻtgan yilda esa uning kompaniyasi savdo hajmi va koʻrgan foydasi 602 million dollarni tashkil etgan edi.
Tatyana Bakalchuk turmush oʻrtogʻi bilan 2004 yilda oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan. Dastlab ular nemis kataloglari boʻyicha ayollar kiyim-kechaklari savdosi bilan shugʻullangan. Hozirda “Wildberries” orqali kiyim-kechaklardan tashqari, pardoz buyumlari, oʻyinchoqlar, sport va bolalar ozuqa mahsulotlari, maishiy elektronika, kitoblar sotilmoqda. Internet-doʻkon saytiga bir oyda 60 million foydalanuvchi kiradi.
OAVning eslatishicha, rossiyalik birinchi milliarder ayol Moskva shahrining sobiq meri Yuriy Lujkovning rafiqasi Yelena Baturinadir. U “Inteco Management” kompaniyasi rahbari hisoblanadi.

 

OʻzA