Olimlar muhim masalani muhokama qildi

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazida olim, ijodkor va ziyolilardan iborat “Olimlar klubi”ning “Ijtimoiy-maʼnaviy muhitning indikatorini ishlab chiqish” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
– Prezidentimizning 2017 yil 28 iyuldagi “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va sohani rivojlantirishni yangi bosqichga koʻtarish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlarining mazmun-mohiyatini aholining keng qatlamlariga yetkazishga qaratilgan targʻibot ishlarini tizimli hamda izchil amalga oshirilmoqda, – deydi Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari Muhammadjon Quronov. – Oʻtkazilayotgan tadbirlarning samaradorligini baholash, targʻibot tadbirlarini yangi zamonaviy taʼsirchan metodlarini ishlab chiqishni davrning oʻzi taqozo etmoqda. Bu borada sohada faoliyat yuritayotgan yetuk mutaxassislar va olimlarning ilmiy xulosa va tavsiyalarini inobatga olgan holda ish olib borish, chora-tadbirlar belgilash maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiyati tarkibida “Olimlar klubi” tashkil etilgan. Maqsadimiz shunchaki tadbirlarni oʻtkazishdan iborat boʻlmasligi zarur. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda tashkil etilgan davra suhbatida “Olimlar klubi” aʼzolarining yoshlar oʻrtasida ichki va tashqi tahdidlarning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida oʻtkazilib kelinayotgan tadbir hamda targʻibot ishlarining samaradorligini aniqlash maqsadida ijtimoiy-maʼnaviy muhitning indikatorlarini ishlab chiqish boʻyicha takliflari tinglandi.
Bildirilgan takliflar va muhokamalar yakunida “Olimlar klubi”ning mamlakatimizda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish va ijtimoiy-maʼnaviy muhitning indikatorlarini amaliyotga joriy etish boʻyicha tavsiyalardan iborat qarori qabul qilindi.

 

Xurshid Qodirov, OʻzA