Shu yilning 30-aprel kuni davlatimiz rahbarining “2024-yilda ipoteka kreditlarini ajratish mexanizmlarini takomillashtirish va aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Mazkur hujjat mamlakatimizda uy-joy sohasidagi islohotlarni samarali tashkil etish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari va zamonaviy ko‘p kvartirali uylar qurish ko‘lamini kengaytirishni ko‘zda tutadi.

Shu bilan birga, ipoteka krediti bozorini yanada rivojlantirish hamda banklar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtirish mexanizmlarini amaliyotga joriy qilishni nazarda tutadi.

– Mazkur hujjat bilan joriy yilda hududlarda zamonaviy arxitektura ko‘rinishiga ega 100 mingta kvartiradan iborat bo‘lgan ko‘p qavatli uy-joylar qurish maqsad qilingan, – deydi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati rahbari Saidnosir Usmonov. – Shuningdek, qurilish tashkilotlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ularga bozor tamoyillari asosida ajratilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya va kafilliklar taqdim etilishi ham belgilab berilmoqda. Darvoqe, ipoteka kreditlarini moliyalashtirishga davlat byudjeti, “Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” hamda banklarning o‘z mablag‘lari hisobidan kamida 17 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi. Yana bir jihat, kelgusi yil 1-yanvardan boshlab ko‘p qavatli uy-joylar qurish jarayonlariga “yashil” uy-joy standartlari keng joriy qilinadi.

2024-yil 1-iyundan boshlab “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida Kambag‘allikdan chiqarish dasturiga kiritilgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan shaxslarga yakka tartibdagi uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash uchun 120 million so‘mgacha ipoteka kreditlari ajratib beriladi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida ko‘p qavatli uy-joylar qurilishida ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun respublika byudjetidan 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.

“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” tomonidan qurilish tashkilotlariga Toshkent shahrida – 9 va undan yuqori, boshqa shaharlarda – 7 va undan yuqori, qishloq joylarda esa  5 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun ajratilgan milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha 24 oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga “1+1” tamoyili asosida hududlarning toifasidan kelib chiqib kafillik va kompensatsiyalar taqdim etiladi.

2025-yil 1-yanvardan boshlab qurilish tashkilotlariga “yashil” uy-joy standartlari talablari asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni qurish uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan bir foiz bandga yuqori stavkada kreditlar ajratiladi.

2024-yil 1-maydan boshlab birlamchi uy-joy bozoridagi kvartiralarni sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratishda ipoteka predmetini sug‘urta xavflaridan sug‘urta qilish talabi bekor qilinadi.

“Shaffof qurilish” milliy axborot tizimidagi elektron reyting bahosi “S” bo‘lgan tashkilotlarga besh qavatdan yuqori bo‘lmagan, “SS” bo‘lgan tashkilotlarga esa to‘qqiz qavatdan yuqori bo‘lmagan uy-joylarni qurishga ruxsat beriladi.

Aholining pul mablag‘larini uy-joylar qurishga jalb qilish tartibini takomillashtirish maqsadida normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqilib, yangi tizim amaliyotga joriy etiladi.

Bunda “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida uy-joylar qurishga jismoniy va yuridik shaxslarning pul mablag‘larini jalb qiluvchi pudrat tashkilotlarining elektron ro‘yxatini yuritish maqsad qilingan.

Shuningdek, elektron ro‘yxatdan o‘tmasdan ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylar qurishni boshlagan pudrat tashkilotlariga nisbatan javobgarlik choralarini belgilash, ulush kiritish asosida uy-joylar qurilishini monitoring qilish tartibini belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.

Bunda ulush kiritish asosida ko‘p qavatli uy-joylarni qurishda ishtirok etish to‘g‘risidagi shartnomalarni majburiy ravishda notarial tasdiqlash tartibini joriy qilish ham belgilab qo‘yilmoqda.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA