O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlari parlamentlarining aloqalari hozirda yangi bosqichga ko‘tarildi. Yaqin do‘stlik aloqalari strategik sheriklik munosabatlari darajasida rivojlanib bormoqda.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Koreya Respublikasining Milliy Assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi va ular bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

Savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari barqaror o‘sib borayotgani, mamlakatimizda Koreya kapitali ishtirokida qariyb mingta korxona faoliyat yuritayotganiga e’tibor qaratildi. Bu boradagi ko‘rsatkichlarni oshirish maqsadida qo‘shma loyihalarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Koreya tajribasi asosida “KOICA” xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magi bilan O‘zbekistonda “Elektron parlament” tizimini joriy qilish grant loyihasining amalga oshirilishi muhokama qilindi.

Yaqinda saylangan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi qo‘mitalari bilan Oliy Majlis Senati qo‘mitalari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish bo‘yicha takliflar ham ilgari surildi.

Janubiy Koreyaning boy tajribasini inobatga olgan holda ayollar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, biznesni boshqarish salohiyatini oshirish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni rag‘batlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Parlament darajasida Koreyadagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari uchun qulay sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Ikki davlat o‘rtasida ta’lim, sog‘liqni saqlash, korrupsiyaga qarshi kurashish sohalarida birgalikda yangi loyihalarni ishga tushirishga kelishib olindi.

 

N.Abduraimova,  

O‘zA