Poytaxtimizda 6-8-may kunlari CFI mintaqaviy forumi bo‘lib o‘tmoqda. Forum Fransiyaning O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondagi elchixonalari, shuningdek, o‘zbekistonlik mahalliy hamkorlar:Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy media assotsiatsiyasi, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti va Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Forumda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Fransiyadan 120 nafar ishtirokchi, jumladan, 40 nafar ma’ruzachi: jurnalistlar, OAV vakillari, OAV ekspertlari va hukumat vakillari, shuningdek, inflyuyenserlar, yetakchi blogerlar uch kun davomida jurnalistika amaliyoti rivoji va uning zamonaviy muammolari bilan bog‘liq bo‘lgan turli mavzularda Markaziy Osiyo mintaqasining o‘ziga xosligini hisobga olgan xolda birgalikda ishlaydilar.

O‘tkazilayotgan forum dasturidan dezinformatsiya, jurnalistika etikasi, media ta’lim, jurnalistikaning zamonaviy muammolari, Markaziy Osiyo OAVlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha davra suhbatlari, hamda faktcheking, mediasavodxonlik, raqamli va jismoniy xavfsizlik bo‘yicha seminarlar o‘rin olgan.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent mintaqaviy forumi taniqli jurnalist va ekspertlarni o‘z tajribalari, yutuq va qiyinchiliklari, o‘z qarashlari bilan o‘rtoqlashish, ehtiyojlarini bildirish maqsadida bir joyga jamlash uchun noyob imkoniyatdir.

M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA