“Toshkent mozaikalari” maxsus mobil ilovasi ishga tushirildi

264

Toshkent mozaikalar shahri hisoblanadi. Ko‘plab tadqiqotchilar va shaharshunoslar Toshkentni dunyodagi rekord darajadagi mozaikaga ega yagona shahar deb atashadi. Eng ko‘zga ko‘ringan mozaikalar, baland qavatli binolar va devorlarda panorama shaklida joylashgan.

Bundan tashqari, kirish eshiklari ustidagi frontonlar, oynalar orasidagi naqshlar hamda podezd oldidagi va foyedagi pannolar ham e’tiborga sazovor. Albatta, metropoliten mozaikalari ham alohida o‘ringa ega.

Turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Toshkent mozaikalari” maxsus mobil ilovasi ishga tushirildi.

Mazkur ilova foydalanuvchilarga “Kaleydoskop” funksiyasi va kengaytirilgan reallik bilan to‘ldirilgan AR filtrlari yordamida Toshkentdagi modernizm dizayni asosida barpo etilgan obyektlar mozaikalari bilan tanishish imkonini beradi. Funksiyadan smartfon kamerasini joyida obyektga yo‘naltirish orqali foydalanish mumkin.

“Toshkent mozaikalari” onlayn katalogida 334 mozaika haqida fotosuratlar, joylashuvlar va ma’lumotlar mavjud. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu Toshkentdagi umumiy mozaikaning 99 foizini tashkil qiladi.

Bugun mozaikalar Toshkentning rasman madaniy meros obyekti sifatida tan olingan. Ilovaning ishga tushirilishi O‘zbekistonda sayyohlik salohiyatini rivojlantirishga xizmat qiladi, shuningdek, mamlakat aholisi va sayyohlar uchun mozaikani saqlab qolishga yordam beradi. Reallik funksiyasiga ega mobil ilovani Google Play, App Store, AppGallery platformalari orqali yuklab olish mumkin.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA