Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi Iqboljon Ergashev O‘mon Sultonligidan tashrif buyurgan “Albahar Treding” gilamchilik kompaniyasi prezidenti, investor Said Al-Ravas bilan uchrashdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda pillachilik sohasi jadal rivojlanib bormoqda. Sohaga alohida e’tibor qaratilmoqda. 15 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarning aynan pillachilik sohasi rivoji uchun ishlab chiqilgani bunga misol.

Xususan, Prezidentimizning 2023-yil 1-iyundagi “Pillachilik sohasida kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash hamda pilla yetishtirish uchun ozuqa bazasini yanada kengaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, pillachilik klasterlari, pillachilik va tutchilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan yangi tutzorlar barpo qilish uchun Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan doimiy ishlar olib borilmoqda.

Mazkur, uchrashuvda ikki tomonloma hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, xususan, o‘monlik investor tomonidan investitsiya kiritilishi hisobiga ipakdan va jundan gilam to‘qish sanoat korxonasini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Qo‘mita raisi mazkur jarayonda yurtimizda investorlarga yaratib berilgan keng imkoniyatlardan foydalangan holda qo‘mita hamda “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi har qanday ko‘makka tayyor ekanini bildirdi.

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA