Moskvadagi “Prodekspo – 2019” Xalqaro koʻrgazmasida vakillarimiz ishtirok etmoqda

Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan maʼlum qilishlaricha, ular koʻmagida bir qator tadbirkorlar Rossiya Federatsiyasida har yili oʻtkaziladigan Sharqiy Yevropaning eng yirik oziq-ovqat va ichimliklar sohasidagi – “Prodekspo” xalqaro koʻrgazmasida ishtirok etmoqda.
Bugun boshlangan koʻrgazma 25 yildan ortiq vaqt davomida oziq-ovqat sanoati rivojlanishining yoʻnalishini belgilab kelmoqda. Bu yil ham “Prodekspo-2019” yana bir bor sezilarli miqdoriy va sifatli oʻsishni namoyish etmoqda.
“Prodekspo” kichik va oʻrta biznesni oziq-ovqat bozoriga olib chiqishda muvaffaqiyat qozongan koʻrgazma boʻlib, marketingning samarali vositasi sifatida tanilgan. Unda jahonning 62 mamlakatidan qariyb ikki yarim mingta yirik kompaniya ishtirok etmoqda. Xususan, Ozarbayjon, Argentina, Polsha, Portugaliya, Koreya Respublikasi, Moldova, Janubiy Osetiya, Serbiya, Turkiya, Oʻzbekiston, Urugvay, Vengriya, Armaniston, Braziliya, Germaniya, Gretsiya, Indoneziya, Ispaniya, Italiya, Hindiston, Fransiya, Chili, Shri-Lanka, Efiopiya, Yaponiya mamlakatlaridan ishlab chiqaruvchi korxonalar oʻz mahsulotlari bilan qatnashshmoqda.
Ushbu koʻrgazmada Eksportni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi koʻmagida Oʻzbekiston milliy stendi tashkil etildi va ushbu stendda Oʻzbekistonning “Crafers”, “Oʻzkand” hamda “Oʻzbegim Grup” kabi yetakchi eksportyor korxonalari oʻz mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda. Bu esa oʻzbek korxonalarining jahon bozorlariga chiqishi hamda ularga raqobatbardosh mahsulotlarni olib kirish imkoniyatini yanada oshiradi.
Oʻzbekiston Milliy stendida: qandolat, quritilgan meva, oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda va bu oʻz navbatida, xorijiy hamkorlar hamda mutaxassislarni Oʻzbekiston mahsulotlariga boʻlgan eʼtiborni kuchaytiradi.
Tadbir yakunida yurtimizning yirik eksportyor korxonalari hamda xorijiy importyor korxonalar bilan muzokaralar va uchrashuvlar oʻtkazilib, uzoq muddatli eksport shartnomalari hamda kelishuvlar tuzilishi rejalashtirilmoqda.

 

OʻzA