Sogʻliqni saqlash vazirining mazkur oʻrinbosari bir vaqtda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari maslahatchisi hisoblanadi
Sogʻliqni saqlash tizimi islohotlariga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilindi.
Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qaror bilan sogʻliqni saqlash sohasiga ilgʻor xorijiy tajribani joriy etish boʻyicha takliflar tayyorlash va islohotlarni ekspert jihatdan qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari lavozimi joriy etildi.
Vazir oʻrinbosari, jumladan, quyidagilar uchun masʼul hisoblanadi:
• xalqaro standartlar va Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyalarini implementatsiya qilgan holda sogʻliqni saqlash sohasini kompleks huquqiy tartibga solish;
• sogʻliqni saqlashni moliyalashtirish va tashkil etish tizimini takomillashtirish;
• majburiy tibbiy sugʻurtani joriy etish;
• davlat-xususiy sheriklik va tibbiy turizmdan foydalanishning eng yaxshi amaliyotlarini tatbiq qilish;
• sohaga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;
• “elektron sogʻliqni saqlash” tizimlarini keng joriy etish.
Mazkur lavozimga sogʻliqni saqlash sohasidagi yuqori malakali xorijiy mutaxassis jalb etiladi hamda u Prezident tomonidan tayinlanadi.
Shuningdek, sogʻliqni saqlash vazirining mazkur oʻrinbosari bir vaqtda Bosh vazirning ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari maslahatchisi hisoblanadi.
OʻzA