Nukusda Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi xodimlaridan 30 nafariga yangi qurilgan uy-joylar tantanali topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda tizim xodimlari, yangi uy sohiblarining yaqinlari, jamoatchilik vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Milliy gvardiyaga jismoniy chiniqqan, bilimli va dunyoqarashi keng kadrlar tanlab olinayotgani, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, soha moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani yuksak samaralar bermoqda.
– Milliy gvardiya xodimlari huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda “Xavfsiz shahar”, “Xavfsiz turizm” loyihalarini amalga oshirish, huquqbuzarliklarning oldini olish, xalqimiz osoyishtaligini taʼminlash kabi ezgu ishlarga munosib hissa qoʻshmoqda, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻmondoni oʻrinbosari Sh.Shokirov. – Nukus shahrida qurilgan koʻp qavatli yangi uydan 30 ta xonadon xodimlarimizga topshirilishi ularning oilasidan xotirjam holda yanada masʼuliyat bilan xizmat qilishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi uy qurilishiga 4 milliard 389 million soʻm yoʻnaltirilgan. Milliy gvardiya xodimlari uchun qurilgan xonadonlarning 1 milliard soʻmdan ortigʻi, yaʼni 25 foiz miqdoridagi boshlangʻich toʻlovi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan toʻlab berilgan. Qolgan qismi uy-joy egasi tomonidan imtiyozli kredit hisobidan 15 yil davomida toʻlab boriladi. Milliy gvardiya xodimlari uchun 30 xonadonli yana bir koʻp qavatli uy qurilishi rejalashtirilgan.
Yesimxon Qanoatov, OʻzA