Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi hamda Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi hamkorligida mamlakatimizda agrosanoat, toʻqimachilik klasterlarini tashkil etishning bugungi holati va istiqbollariga bagʻishlab seminar oʻtkazdi.
Unda Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, paxta-toʻqimachilik klasterini tashkil etishning samaradorligi, gʻalla va meva-sabzavot klasterlari faoliyatini har tomonlama rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik asosida urugʻchilik klasterlarini tashkil qilish hamda klasterlar faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari muhokama etildi.
Bugungi kunda respublikamizda 16 paxta-toʻqimachilik klasteri faoliyat boshlagan, 20 tumanda 164 ming gektar maydonda klaster usulida paxta yetishtirish yoʻlga qoʻyildi. 2019 yilda klaster usulida paxta yetishtirishni kamida 52 foizga yetkazish uchun 48 paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etish rejalashtirilgan.
Seminarda taʼkidlanishicha, kelgusida paxta yetishtiruvchi 133 tumandan 70 tasi toʻliq klaster tizimiga oʻtadi. Yangi tashkil qilinayotgan klasterlar tarkibida 41 korxona tashkil etilib, 23 mingga yaqin ish oʻrni yaratiladi. Joriy yilda ishlab chiqarilayotgan tolaning 78 foizi Oʻzbekistonda qayta ishlanadi, 2020 yilga borib esa paxta tolasini respublikada toʻliq qayta ishlashga oʻtiladi va tayyor mahsulot ishlab chiqarish ulushi 40 foizdan kamida 60 foizga yetkaziladi.
Deputatlar paxta-toʻqimachilik, gʻallachilik va meva-sabzavot sohasida faoliyat yuritayotgan Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi “BEK Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Baxt tekstil” klasteri hamda Buxoro viloyati Romitan tumanidagi “Buhoro cotton claster” klasteri rahbarlarining ish faoliyati yuzasidan taqdimotlarini eshitdi, fikr-mulohazalar bildirildi.
“BEK Cluster” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2019-2020 yillarda loyiha qiymati 17 milliard soʻmlik yogʻ-moy ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish belgilangan. Mazkur korxona yiliga 2,6 ming tonna yogʻ, 6,8 tonna shrot ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi, 200 dan ortiq yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, donni qayta ishlash korxonasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Seminarda klasterlar tizimini rivojlantirishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Klaster sohasidagi munosabatlarning tashkiliy va huquqiy asoslarini tartibga solishga yoʻnaltirilgan “Klaster toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritish yuzasidan fikr almashildi.
Tizimda uchrayotgan baʼzi muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Nurillo Nasriyev, OʻzA