Oʻzbekiston hunarmandlari Hindistondagi yirik festivalda ishtirok etmoqda

Mamlakatimiz hunarmandlari Hindistonning Xaryana shtatidagi Faridobod shahrida “Surajkund International Crafts Mela 2019“ 33 – madaniyat festivali va hunarmandchilik yarmarkasida ishtirok etmoqda. 
“Hunarmand” uyushmasi axborot xizmati taqdim etgan maʼlumotga koʻra, Osiyodagi eng yirik hisoblangan mazkur festival 1987 yildan buyon oʻtkazilib kelinadi. Har yili milliondan ziyod mehmon Hindiston va xorijiy mamlakatlarning anʼanaviy hunarmandchilik mahsulotlari, madaniyati, anʼanaviy hunarmandchilik mahsulotlari, anʼanalari va sanʼati bilan tanishish maqsadida bu yerga tashrif buyuradi.
6 (1).jpg
Hunarmandchilik yarmarkasida ayni paytda dunyoning 30 ortiq mamlakatlaridan vakillar ishtirok etmoqda.
– Ushbu yarmarkada yogʻoch oʻymakorligi, adras, atlas, milliy liboslar milliy taqinchoqlar yoʻnalishida 36 turdagi mahsulotlar bilan ishtirok etyapmiz, – deydi uyushma qoshidagi “Craft and Art” masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Zafar Akbarov. – “Surajkund International Crafts Mela 2019“ kabi yirik tadbirlarda ishtirok etish ushbu tadbir mehmonlarini Oʻzbekistonning boy madaniy merosi bilan tanishtirish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.
3.jpg
Oʻzbekiston delegatsiyasi kulolchilik, kashtachilik, va zargarlik buyumlari, yogʻoch oʻymakorligi kabi sohalarda mahorat darslari ham oʻtkazmoqda. Taqdim etilgan asarlar oʻzbek xalqining maʼrifati, anʼanalari, tarixi va madaniyatining goʻzalligi va koʻp qirralari ekanligi namoyish etmoqda.
Mazkur nufuzli festival joriy yilning 17 fevraliga qadar davom etadi.

 

Davron Sunnatov, OʻzA