Pokiston elchisi bilan uchrashuv

4 fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Ilhom Neʼmatov Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Irfon Yusuf Shami bilan uchrashdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xabarida qayd etilishicha, uchrashuv doirasida 2019 yilda ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishning amaliy jihatlari hamda hamkorlikda oʻtkazilishi rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlarning jadvali muhokama qilingan.
Taʼkidlanganidek, 2017-2018 yillarda bir necha bor oʻtkazilgan oliy darajadagi Oʻzbekiston – Pokiston uchrashuvlari ikki mamlakat munosabatlarining mustahkamlanishiga, xususan, savdo-iqtisodiy, investitsion, turistik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik faoliyatini rivojlanishiga turtki boʻlib xizmat qilmoqda.
Qayd etilishicha, 2018 yil ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi 2017 yilga nisbatan ikki yarim barobarga oshib, 94,2 million AQSH dollarini tashkil etgan.
Uchrashuv doirasida, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlik loyihalarini amalga oshirish, turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishning huquqiy asoslarini mustahkamlash hamda kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi.

 

OʻzA