Innovatsion rivojlanish vazirligida Koreya (Koryo) Universiteti delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Professor Do Seonom boshchiligidagi delegatsiya aʼzolarini vazirning birinchi oʻrinbosari Sh. Rajabboyev qabul qildi. Vazirlik axborot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv davomida Orol dengizi va Orolboʻyi hududida olib borilayotgan loyihalarning samaradorligi borasida fikr almashilgan.
Xususan, Professor Do Seonom quyosh energetikasi texnologiyalarini qoʻllagan holda Orol dengizi va Orolboʻyi hududlarini tiklashga qaratilgan “ASSURE” loyihasi haqida maʼlumot berdi. Qayd etilishicha, ayni kunlarda jahondagi global muammolar bilan shugʻullanadigan Koreya (Koryo)Universitetining GREEN SCHOOL doktorantlari, yetakchi olimlar mazkur loyiha ustida ish olib borishmoqda.
Muzokaralar natijasida tomonlar yangi loyihani hamkorlikda amalga oshirish maqsadida joriy yilning aprel oyida GREEN SCHOOL va Innovatsion rivojlanish vazirligi oʻrtasida memorandum imzolash va uni bosqichma-bosqich amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tuzishga kelishishdi.
OʻzA