Oʻzbekistonda birinchi marotaba Xalqaro armiya oʻyinlari oʻtkaziladi

“Xalqaro armiya oʻyinlari-2019” tanlovining “Harbiy-tibbiy estafeta” yoʻnalishi Oʻzbekiston Respublikasi hududida birinchi marta oʻtkaziladi.
Oʻtgan yilgi “ArMI-2018” oʻyinlari Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Eron, Qozogʻiston, Xitoy va Rossiya kabi davlatlarda 28 yoʻnalish boʻyicha oʻtkazilgan boʻlib, unda dunyoning 32 mamlakatidan kelgan harbiylar ishtirok etgan edi. Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari esa 12 yoʻnalishda qatnashib, umumjamoa hisobida 6-oʻrinni qoʻlga kiritgan.
Oʻtgan yilgi oʻyinlarda “Harbiy-tibbiy estafeta” bellashuvida ishtirok etgan oʻzbekistonlik harbiy xizmatchi, Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy poliklinika terapevt-shifokori, tibbiy xizmat kapitani Larisa Xolmamatova harbiy shifokorlar oʻrtasida oʻtkazilayotgan “Maxsus koʻnikmalar” yakkalik bahsida ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan edi.
Taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston hududida birinchi marotaba boʻlib oʻtadigan Xalqaro armiya oʻyinlari Jizzax viloyatidagi “Forish” togʻ-dala oʻquv maydonida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmati

 

OʻzA