Ilgari ijaraga berilgan futbolchi sobiq jamoasiga qarshi oʻyinga tushirilmas edi, endi esa unday boʻlmaydi
Oʻzbekiston Professional futbol ligasi yangi mavsum oldidan ichki chempionatda raqobatni yanada kuchaytirish maqsadida reglamentning bir qator bandlariga oʻzgartirish kiritdi.
Unga koʻra, mamlakat futbol klublari ichki chempionatda ishtirok etayotgan boshqa klubga bundan keyin ikki nafardan ortiq futbolchini ijaraga bera olmaydi. Bir klubning avvalgidek uch yoki undan ortiq futbolchisini ijara asosida roʻyxatdan oʻtkazmoqchi boʻlgan klublar mutasaddilari ham bu haqda bilishlari lozim.
Avvallari asosiy tarkibdan joy ololmayotgan futbolchilarni boshqa klublarga istagancha ijaraga berish hollari koʻp uchrar edi. Bunda birinchi navbatda, iqtisodiy manfaat koʻzda tutilgan boʻlsa, ikkinchidan, mavsum davomida roʻy berishi belgilangan oʻzaro ikkita oʻyinda aynan ijaradagi futbolchilar rasmiy klubiga qarshi maydonga tushirilmas edi. Endi esa ijaraga berilgan futbolchilar oʻzlari birinchi shartnoma tuzgan klubga qarshi har qanday futbol uchrashuvida maydonga tushish huquqiga ega boʻlishadi. Mabodo ikki klub oʻrtasidagi shartnomalarda bu holat alohida koʻzda tutilgan boʻlsa, u oʻz kuchini yoʻqotadi yoki shartnomaning aynan shu bandiga oʻzgartirish kiritiladi.
Shuningdek, 2019 yilgi mavsumda Superliga va Pro-liganing “A” guruhi vakillari uchun legioner futbolchilar limiti 4+1 sifatida belgilanmoqda. Bunda toʻrt nafar dunyoning istalgan davlatidan, bir nafari esa albatta, Osiyo qitʼasidan boʻlishi koʻzda tutilgan. Pro-liganing “B” guruhidagi jamoalar esa 2+1 koʻrinishida legioner futbolchilar bilan shartnoma imzolashi mumkin.