2018-yilgi mavsum allaqachon tarixga aylanib boʻldi. Professional klublar yangi – 2019-yilgi mavsumga tayyorgarlik koʻrish ishlarini boshlab yuborganiga ham ancha boʻlyapti. Bu ishlarga qaysidir klub yangi yil avvalida kirishgan boʻlsa, yigʻinlarni bayramdan keyin boshlagan jamoalar ham bor.
Ayni paytda klublar strukturasini shakllantirish, stadion va futbol akademiyalari ahvolini yaxshilash, hammasidan ham tarkibini kuchaytirish kabi yumushlarga zoʻr berishmoqda. Turgan gapki, futbolchilar ham keyingi taqdiri borasida jiddiy oʻylashmoqda, imkon qadar moliyaviy baquvvatroq klublar tarkibidan joy olish ilinjida mashgʻulotlarga zoʻr berishmoqda. Bu kabi yangiliklarning bari esa muxlislarni befarq qoldirmasligi aniq. Shundan kelib chiqib, klublardagi mavsum oldi tayyorgarlik ishlari bilan futbol shinavandalarini tanishtirib borishni lozim topdik.
Demak, boshladik.
“LOKOMOTIV”
“Temiryoʻlchilar” yangi yil arafasida qisqa muddatga oʻz qarorgohida yigʻildi. Asosiy yigʻin, turgan gapki, yangi yilda keyingi sanalarga toʻgʻri kelmoqda. Jamoa 2-yanvardan oʻz qarorgohida yigʻinga kirishgan edi, 8-23-yanvar kunlari BAAning Dubay shahrida, ikki hafta mobaynida yigʻin oʻtkazish rejalashtirilgan.
Futbolchilarning keldi-ketdisiga kelsak, Ikrom Aliboyev Janubiy Koreyaga, Sanjar Shorahmedov esa Malayziyaga ravona boʻldi. Jamoa Jamshid Iskanderov, Avazbek Oʻlmasaliyev, Aziz Haydarov bilan kelishuvga erishdi. Shuningdek, Yovan Jokich, Javohir Esonqulov, Filip Rayevas kabi xorijiy va mahalliy futbolchilar bilan ham munozaralar olib borilmoqda. Kelishilgan futbolchilar bilan qachonki ular avval tibbiyot koʻrigidan muvaffaqiyatli oʻtib, soʻng shartnomasi OʻzPFLda tasdiqlangandan keyingina shartnoma rasmiy kuchga ega boʻladi.
“PAXTAKOR”
Jamoa eski yilning 24-29-dekabrida ilk yigʻinini oʻtkazdi. 3-yanvardan yana ishga astoydil kirishgan “sherlar” 9-yanvarga qadar oʻz qarorgohida shugʻullanadi. Soʻng 11-yanvardan Turkiyaga safar etishni rejalashtirmoqda.
Jamoani yil boshidanoq Jamshid Iskanderov va Kamoliddin Tojiyevlar tark etishdi. Jamshid yangi mavsumda “Lokomotiv”, Kamoliddin esa “Metallurg” jamoasi sharafini himoya qilishni xohlashmoqda. Jamoaga kelib qoʻshilganlarning aksariyati klub tarbiyalanuvchilari hisoblanadi, faqat ular 2018-yilgi mavsumda boshqa jamoalarga ijaraga berilgan edi, endi esa ularning aksariyati ortlariga qaytishdi. Yaʼni, Zabihillo Oʻrinboyev, Jasurbek Hakimov, Botirali Ergashev, Andrey Sidorovning ijara muddatlari yakunlandi. Shuningdek, oʻtgan yili “Bunyodkor”da oʻynagan Akrom Komilov ham ayni paytda “Paxtakor” mashgʻulotlarida ishtirok etyapti.Mashgʻulotlarda qatnashayotgan yana bir qator yoshlar bor, ular jamoaning oʻrinbosarlar guruhidan yoki klubning futbol maktabidan yetishib chiqishgan.
Oybek Yunusov, O’zA