Pensiya va nafaqalar:

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yildan boshlab ishlayotgan pensionerlar ish haqi bilan birga pensiyasini ham toʻliq miqdorda oladi. Tahririyatimizga pensiya va nafaqa olish tartibi, miqdori xususida koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu sababli gazetxonlar va fuqarolarni qiziqtirgan dolzarb savollarga javob berish maqsadida “Sizni qiziqtirgan mavzuda”, deb nomlangan yangi rukn tashkil etdik. Unda odamlarni qiziqtirayotgan, taʼbir joiz boʻlsa, qiynayotgan savollarga mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda yechim topishni maqsad qilganmiz. Yangi ruknning ilk sahifasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi koʻmagida tayyorlandi.

qanday tayinlanadi?

Mamlakatimizning asosiy Qonuni boʻlgan Konstitutsiyamizning 39-moddasiga binoan, har kim qariganda, mehnat layoqatini yoʻqotganda, shuningdek, boquvchisidan mahrum boʻlganda va qonunda nazarda tutilgan bosh­­qa hollarda ijtimoiy taʼminot olish huquqiga ega.

Davlat pensiya taʼminoti tizimi 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi qonun hamda ushbu qonun asosida ishlab chiqilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinadi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mazkur qonunga asosan ish stajiga ega boʻlmagan fuqarolar va ularning oilalari davlat pensiyalari olish huquqiga ega emas. Biroq ular qonunda belgilangan tartibda nafaqa olishi mumkin. Bunday toifadagi kishilarning ijtimoiy taʼminlanish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2011 yil 7 aprelda tasdiqlangan “Pensiya tayinlash uchun zarur boʻlgan ish stajiga ega boʻlmagan qariya­larga va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.

Pensiya va nafaqaning
farqi nimada?

Maʼlum ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarga pensiyalarni tayinlash hamda ish stajiga ega boʻlmagan qariyalar, nogironlar va boquvchisini yoʻqotganlarga ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tizimi shartli ravishda ikkiga boʻlinadi.

Pensiya

Mamlakatimizda amalda boʻlgan pensiya tizimi bu – “birdamlik” pensiya taʼminoti tizimiga asoslangan boʻlib, pensionerlarga pensiya toʻlovlari uchun mablagʻlar, asosan bugungi kundagi ish beruvchilar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga toʻlanayotgan ijtimoiy toʻlovlar hisobidan amalga oshiriladi.

Fuqarolar pensiya olish huquqi paydo boʻlganidan soʻng istalgan payt­­da pensiya tayinlashni soʻrab, murojaat etishi mumkin.

Masalan, yoshga doir pensiya olish huquqiga erkaklar 60 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 25 yil boʻlgan taqdirda, ayollar esa 55 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20 yil boʻlgan taqdirda ega boʻladi.

Pensiya yoshiga yetib, zaruriy ish stajiga ega boʻlmagan taqdirda, lekin kamida 7 yillik ish staji mavjud boʻlsa, bor stajiga mutanosib ravishda toʻliqsiz miqdorda yoshga doir pensiya tayinlanadi. Toʻliqsiz yoshga doir pensiyaning miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan kam boʻlmasligi lozim. Yoshga doir eng kam pensiyaning miqdori 2019 yil 1 yanvar holatiga koʻra 396 500 soʻmga teng.

Butun dunyoda umumqabul qilingan pensiyaga berilgan taʼrifga koʻra, pensiya – fuqaroning ilgari olingan daromadini uning ijtimoiy badallarni toʻlagan summasi va davriga mutanosib ravishda qisman qoplovchi har oylik toʻlanadigan miqdorga aytiladi.

Demak, pensiyaning miqdori fuqarolarning bevosita ish staji va ish haqiga, yaʼni toʻlangan ijtimoiy toʻlovlarga proporsional bogʻliq ravishda hisoblab chiqarilar ekan.

Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan eʼtirof etilishicha, pensiya taʼminotining asosiy mezoni – ijtimoiy adolat mezonidir. Yaʼni fuqaro qancha uzoq vaqt va koʻp miqdorda ijtimoiy toʻlovlarni toʻlagan boʻlsa, pensiya miqdori ham shuncha koʻp boʻlishi zarur.

Ijtimoiy nafaqalar

Fuqarolarning konstitutsion huquqlarini kafolatlash doirasida pensiya tayinlash chu nish stajiga ega boʻlmagan qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga – ijtimoiy nafaqalar davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan toʻlanadi. Yaʼni maʼlum bir sabablarga koʻra ishlamagan yoki ishlay olmagan fuqarolarga davlat tomonidan pensiyadan farqli oʻlaroq har oylik toʻlanadigan nafaqalar beriladi.

Ijtimoiy nafaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarini oshirish toʻgʻrisidagi Farmonlariga muvofiq qatʼiy miqdorlarda belgilanadi.

Misol uchun, yoshga doir nafaqalar erkaklar 65 yoshga yetganda, ayollar esa 60 yoshga yetganda hamda ish staji 7 yildan kam boʻlganda tayinlanadi. Yoshga doir ijtimoiy nafaqaning miqdori 2019 yil 1 yanvar holatiga koʻra 243 300 soʻmga teng.

2019 yilda biror bir turdagi pensiya va ijtimoiy nafaqalarni tayinlash tartibi bekor boʻlmagan holda har oyning 27-sanasiga qadar toʻliq amalga oshiriladi.

Aholini ijtimoiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash maqsadida fuqarolarning ixtiyoriy ravishda sugʻurta toʻlovlarini toʻlashi orqali pensiya va nafaqalar olish imkoniyati ham yaratildi.

Pensiya jamgʻarmasi va
ixtiyoriy sugʻurta

Chet elda ishlayotgan Oʻzbekiston Res­publikasi fuqarolari va ish vaqtini hisobga olib boʻlmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallari toʻlash tartibini, shuning­dek, ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida»gi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-sonli qaroriga muvofiq yakka tartibdagi tadbirkorlarning, jumladan, oilaviy tadbirkorlik yoki oilaviy tadbirkorlikning subyekti oila aʼzolari, tadbirkorlarga yollanib ishlovchilar, dehqon xoʻjaligi aʼzolari va qoramol yetishtiruvchi shaxslar sugʻurta badallarini ixtiyoriy ravishda toʻlashi mumkin. Bu kelajakda davlat pensiya taʼminotiga boʻlgan huquqlarini taʼminlashga asos boʻladi.

Taʼkidlash joizki, Pensiya jamgʻarmasiga sugʻurta badallarini toʻlashga oʻzini-oʻzi ish bilan taʼminlayotgan barcha jismoniy shaxslar, jumladan baliqchilik, limonchilik, parrandachilik va shu kabi qishloq xoʻjalik mahsulotlarini oʻzining tomorqasida yetishtirish va sotish bilan band boʻlgan barcha fuqarolar egadir. Ular Pensiya jamgʻarmasiga eng kam ish haqining 4,5 barobarida badal toʻlasa, ish stajiga bu davr 1 kalendar yil sifatida hisobga olinadi.

Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish, Oʻzbekis­ton fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari Kengashining bu sohadagi vakolatlarini kengaytirish va faol ishtirokini taʼminlash maqsadida 2018 yil 26 apreldagi “Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3680-sonli Prezident qaroriga asosan 2018 yil 1 iyuldan boshlab dehqon xoʻjaligi va 4 sotixdan kam boʻlmagan tomorqa yerida band boʻlgan yoki ushbu uchastkada qoramol yoxud 50 boshdan kam boʻlmagan parranda parvarishlayotgan jismoniy shaxslar Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga yiliga eng kam oylik ish haqining bir barobari miqdorida sugʻurta badali toʻlasa, sugʻurta badali toʻlangan yil mehnat stajiga kiritiladi.

Bundan tashqari, 2018 yil 7 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasining tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 3839-sonli Prezident qaroriga muvofiq 2018 yil ­1 avgust­dan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolar Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga eng kam ish haqining toʻrt yarim baravari miqdorida yillik sugʻurta toʻlovlarini ixtiyoriy ravishda toʻlasa, toʻlovlar amalga oshirilgan davrlar belgilangan tartibda mehnat stajiga qoʻshiladi.

Vazirlar Mahkamasining qayd etilgan qaroriga asosan chet elda yollangan holda ishlovchi shaxs, dehqon xoʻjaligi aʼzosi va oilaviy tadbirkorlik subyekti oila aʼzolari Pensiya jamgʻarmasiga toʻlangan sugʻurta badallari hisobi uning doimiy yashash joyi boʻyicha davlat soliq xizmati organlari tomonidan yuritiladi.

Toʻlov mexanizmi
qanday ishlaydi?

Bu ishni amalga oshirishni istovchilar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi tomonidan berilgan shaxsiy yordamchi xoʻjaligida qoramol mavjudligi yoki qishloq xoʻjalik mahsulotlarining boshqa turlarini (oʻsimlikshunoslik, chorvachilik, baliqchilik mahsulotlari) yetishtirish bilan bandligi toʻgʻrisida maʼlumotnomani olgan holda doi­miy yashash joyi boʻyicha Davlat soliq xizmati organlariga murojaat etadi. Davlat soliq organlari esa fuqaroning mehnat faoliyatidan kelib chiqqan holda maxsus soliq kodi ochadi. Shundan soʻng fuqaro oʻzining imkoniyatiga qarab toʻlovlarni toʻlaydi.

Bu jarayon quyidagi shaklda amalga oshiriladi:

· Yoshga doir pensiya yoki yoshga doir nafaqa

Kamida 7 yil sugʻurta badallari toʻlangan davr boʻlsa:

erkaklarga 60 yosh, ayollarga 55 yoshda yoshga doir pensiya tayinlanadi.

2. I yoki II guruh nogironlariga

Sugʻurta badallarini yoshiga toʻgʻri keladigan ish stajiga mos kelgan davr uchun toʻlagan boʻlsa:

a) kamida 889 166,66×55 foiz = 489 041,66 soʻm pensiya;

b) I guruh nogironiga eng kam ish haqining 75 yoki 100 foizi miqdorida ustama olishi mumkin.

Sugʻurta badallari toʻlamagan boʻlsa, nogironlik nafaqasi (243 300 soʻm) faqat ish qobiliyatini doimiy yoʻqotgan holda toʻlanadi.

3. Boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi yoki boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi

Sugʻurta badallarini yoshiga toʻgʻri keladigan ish stajiga mos kelgan davr uchun toʻlagan boʻlsa:

a) 1 nafar farzandga — kamida 889 166,66×30 foiz = 266 749,99 soʻm

b) 2 nafar farzandga — 889 166,66×60 foiz = 533 499,99 soʻm

v) 3 nafar farzandga — 889 166,66×90 foiz = 800 249,99 soʻm

g) 5 nafar farzandga — 889 166,66×120 foiz = 1 066 999,99 soʻm

Sugʻurta badallari toʻlamagan boʻlsa:

a) 1 nafar farzandga — 202 730×50 foiz = 101 365,00 soʻm

b) 2 nafar farzandga — 202 730×75 foiz = 152 047,5 soʻm

v) 3 nafar va undan koʻp farzandga 202 730×100 foiz = 202 730 soʻm.

Ushbu tadbirlarning barchasi aholining turmush darajasi va farovonligini oshirish hamda pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Xolli Norboyev tayyorladi

«Ishonch» gazetasining 2019 yil 5 yanvar sonidan

 

O’zA