SHARH: “El-yurt umidi” jamgʻarmasi nima uchun tashkil etildi?..(+video)

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasining dasturlari boʻyicha kadrlarni oʻqitishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. 
Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish markazi davlat rahbarining oʻtgan yil 25-sentabrdagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi etib qayta tashkil etildi.
Tabiiyki, ana shu hujjat asnosida uning asosiy vazifalari, moliyalashtirish manbalari belgilandi. Tuzilmasi-yu, Vasiylik kengashining tarkibi tasdiqlandi. Qolaversa, Fond faoliyati yuzasidan turli tashkilotlarga tegishli topshiriqlar ham berilgan. Oradan 100 kun oʻtib, ushbu chora-tadbirlarni takomillashtirish maqsadida qaror ham qabul qilindi.
YUZ KUN. Bu muddat qaysidir maʼnoda har qanday tashkilot-u tuzilma faoliyatning dastlabki qadamlarini baholash, qoʻyilgan vazifalarning bajarilishiga tanqidiy nazar solish imkonini beradi.
Avvalo, nima qilish kerak?
– birinchidan, yuqori malakali kadrlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlash mexanizmlarini ishlab chiqish;
 
– ikkinchidan, xorijda mutaxassislarni oʻqitishni moliyalashtirish manbalarini konkretlashtirish;
 
– uchinchidan, taʼlim sohasidagi yetakchi xorijiy hamkorlarni topishda diplomatik vakolatxonalar faoliyatini jonlantirish;
 
– toʻrtinchidan, tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlarni oldindan tayyorlashga nisbatan tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish va hal etish lozim.
Ayni paytda mamlakatimizning ilmiy va ilmiy pedagogik kadrlarga boʻlgan ehtiyoji 5000 dan ortiq. Agar sanoat sohasining talablarini inobatga olsak, bu yuqoridagi miqdordan 50 baravarga koʻp. Hozirning oʻzidayoq xorijga doktorantura, magistratura, malaka oshirish va stajirovkadan oʻtkazish uchun 3,5 mingdan ziyod mutaxassisni yuborish zaruriyati bor. Bu maʼlumotlar oʻtgan yil dekabr oyida davlatimiz rahbari raisligidagi yigʻilishda tilga olingan edi. Shuningdek, unda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi boshqa tashkilotlar bilan birga chet eldagi yurtdoshlarimizning maʼlumotlar bazasini tashkil etish kerakligi ham taʼkidlangan.
Bu vazifalar esa mazkur qaror bilan tasdiqlangan “El-yurt umidi” jamgʻarmasining 2019-yilgi dasturida oʻz ifodasini topdi.
“El-yurt umidi” fondi dasturlari boʻyicha shuningdek, kadrlarni tayyorlash, malakasini oshirish va stajirovkadan oʻtkazish uchun nomzodlarni tanlov asosida tanlab olish sxema tasdiqlandi. Bu bevosita xorijiy mamlakatlar yetakchi universitetlari, ilmiy markazlari, boshqa kompaniya va tashkilotlarida istiqbolli kadrlarni oʻqitish uchun buyurtmalar portfelini shakllantirishdan tortib, to har yili dekabr oyi oxirigacha stipendiyalar gʻoliblariga oid maʼlumotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilishgacha boʻlgan jami 7 bosqichni oʻz ichiga oladi.
 
Umuman olganda 2018-yilda “El-yurt umidi” jamgʻarmasini moliyalashtirish uchun 50 mlrd soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2019-yilda 72,5 mlrd. soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan.
 
Shuningdek, 2019-2021-yillarda Jamgʻarma stipendiyalari hisobidan 4 000 mutaxassis oʻqishga yuborilishi belgilangan boʻlib, ajratilgan umumiy oʻrinlarning 20 foizi magistratura va doktoranturada oʻqish uchun ajratiladi.
Yana bir tomoni, Jamgʻarmaning Vasiylik Kengashi xalqaro tan olingan tashkilotlar reytingiga koʻra jahondagi eng yaxshi 500 talik yoki tanlangan fan yoʻnalishi boʻyicha eng yaxshi 200 talik roʻyxatga kirgan xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy markazlarning magistraturasi yoki doktoranturasiga mustaqil tarzda kirgan va taʼlim olayotgan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga Jamgʻarma stipendiyalarini ajratish boʻyicha qarorlar qabul qiladi.
Qarorga muvofiq, nomzodlarni, ayniqsa respublika hududlarida Jamgʻarma stipendiyalarini olishga nomzodlarni xorijiy tillarga oʻqitish maxsus dasturlarini ishlab chiqiladi va 2019-yilning 1-aprelidan boshlab ularni xorijiy tillarga oʻqitish maxsus dasturlari asosida maqsadli kurslar oʻz ishini boshlaydi.
Hujjatda belgilangan yana bir bandga koʻra, Jamgʻarmani moliyalashtirishda xalqaro yondashuv ham amaliyotga tatbiq etiladi.
Taʼkidlash joizki, “El-yurt umidi” fondi stipendiya dasturlarining hayotga tatbiq etilishi natijasida koʻplab yurtdoshlarimiz xorijdagi yetakchi taʼlim dargohlari, ilmiy tadqiqot markazlarida malaka oshirish imkoniga ega boʻlishdi. Misol uchun 2018-yilda 30 nafar stipendiant xorijda stajirovka oʻtagan boʻlsa, 2019-yilda bu yoʻnalishga 359 ta stipendiya belgilangan. Magistratura boʻyicha oʻtgan yil 25 stipendiya ajratilgan boʻlsa, bu yil uning soni besh baravardan ham koʻproq – 129ta. Doktarantura uchun avvalgi yilda 19 stipendiya berilgan va ushbu yil bu koʻrsatgich 137 taga yetadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi bilan
hamkorlikda tayyorlandi

 

O’zA